Xitoyning bir qator kompaniyalari O‘zbekistonda turizm va turdosh sohalarda loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.

Qo‘mita raisi Abdulaziz Aqqulov O‘zbekiston-Xitoy uchinchi hududlararo forumi doirasida Xitoy biznesi vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Tadbir o‘tgan hafta oxirida Sian shahrida bo‘lib o‘tdi.

Xususan, o‘zbekistonlik mehmonlarni “Fei Jing Tourism” sayyohlik kompaniyasi vitse-prezidenti Vey Sze qabul qildi.

Uchrashuv ishtirokchilari premium segmentdagi sayyohlarni jalb qilish, shuningdek, O‘zbekiston bozoridagi faoliyatni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Kompaniya biznes segmenti talablaridan kelib chiqib, kamida 80 xonali mehmonxonalarni boshqarish va Xitoyning to‘rt va besh yulduzli brendlarini jalb qilishdan manfaatdor ekanligini ma’lum qildi.

Shuningdek, Aqqulov Winner Hydrogen transport kompaniyasi bosh direktori Lo Tyanshi bilan turistik transport xizmatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Tomonlar dastlab Yutong, King Long, Golden Dragon va boshqa rusumdagi avtobuslar uchun kompleks texnik xizmat ko‘rsatish markazini tashkil etishga kelishib oldilar.

Yana bir uchrashuvda Shaanxi Tourism Group bosh direktori o‘rinbosari Chjao Yuyevan ishtirok etdi. Xitoyning Shensi provinsiyasidan sayyohlar oqimini ko‘paytirish, shuningdek, birgalikda tematik bog‘lar tashkil etish va boshqa sayyohlik loyihalarini amalga oshirish mavzusi bo‘ldi.

Shaanxi Tourism Group’ning Sian shahrida kuniga 40 ming tashrif buyuruvchiga mo‘ljallangan 40 gektar maydonda “Ipak yo‘li” bog‘ini qurish tajribasi qayd etildi.

Ayni paytda Samarqandda — turizm markaziga tutash hududda bog‘ barpo etish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.


Avvalroq Spot to‘rt oy ichida O‘zbekistonga 4 mlndan ortiq xorijiy sayyoh kelgani haqida yozgandi.