To‘rt oyda O‘zbekistonga turistik sayohatlar soni qariyb 30% ga oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Yanvar-aprel oylarida 4,048 mln nafar xorijiy fuqaro mamlakat chegarasini turistik maqsadlarda kesib o‘tdi. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 930,8 ming kishiga ko‘pdir.
Qirg‘iziston O‘zbekistonga sayohatlar soni bo‘yicha boshqa mamlakatlardan farqni oshirishda davom etmoqda. Yil boshidan buyon mamlakatdan 1,141 mln nafar sayyoh kelgan bo‘lib, bu o‘tgan yilgiga qaraganda 21% ga ko‘p.
Ikkinchi o‘rinni 965,4 ming sayohat bilan Tojikiston egalladi, bu 2025-yil darajasiga nisbatan 21,6% ga yuqori. Kuchli uchlikni 935 ming sayohat bilan Qozog‘iston yakunlab, o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobardan ortiq o‘sishni qayd etdi.
Rossiyadan kelgan sayyohlar soni 341,8 ming kishini (+42,4%) tashkil qildi. Shuningdek, Afg‘oniston 161,5 ming sayohat ko‘rsatkichi bilan yetakchilar beshligidan o‘rin olgan, biroq o‘sish sur‘ati guruhdagi eng past (+3,1%) bo‘ldi.
Xitoydan kirib keluvchi turizm oqimi sezilarli darajada faollashdi — 132,24 ming sayohat, bu o‘tgan yilgiga nisbatan 3,47 baravar ko‘p. Faqatgina mart-aprel oylarining o‘zida mamlakatga 83 mingdan ortiq xitoylik sayyoh tashrif buyurdi.
Turkiya yil davomida kichik o‘sish (+16,8%) kuzatilganiga qaramay, 57,7 ming sayyoh bilan 8-o‘ringa tushib qoldi. Shu bilan birga, ikki mamlakatda o‘tgan yilga nisbatan pasayish kuzatildi: Turkmanistonda 1% ga (108,4 minggacha), Hindistonda esa 29% ga (16 057 kishi). Janubiy Koreya 12,1 ming sayohat bilan dastlabki o‘nlikka yakun yasadi.
Uzoq xorij mamlakatlaridan sayyohlar oqimi ortgani alohida qayd etilmoqda. Masalan, Kanadadan kelgan sayohatchilar soni qariyb 16% ga o‘sib, 2175 nafarga yetdi. Mavjud uch oylik ma‘lumotlarga ko‘ra, yaponiyalik sayyohlar O‘zbekistonga o‘tgan yilga nisbatan 1,7 barobar, germaniyalik sayyohlar esa 48,9% ga ko‘proq sayohat qilgan.
Spot, avvalroq, Karkidon suv omborida $50 mlnlik sayyohlik majmuasi qurilishi haqida yozgandi.