Shavkat Mirziyoyev Quva tumanidagi “Karkidon” suv ombori hududida barpo etilgan yangi turizm majmuasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bu maskan Farg‘ona vodiysida yozgi dam olish, ekoturizm va faol hordiq chiqarish uchun eng jozibador manzillardan biriga aylanishi kutilmoqda.

Prezidentning 2025-yil 1-apreldagi qaroriga muvofiq, bu yerda qiymati 635 mlrd so‘mlik zamonaviy turizm majmuasi shakllantirilmoqda. Hududda yo‘l infratuzilmasi yaxshilanib, obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.

508 gektar maydonni egallagan majmua agroturizm, ekoturizm va ekstremal turizm imkoniyatlarini birlashtirgan. Bu yerda 45 ta shale, 57 ta zamonaviy mehmon uyi, agroturizm majmuasi, gullar bog‘i, lavandazor, ekobozor, sokin hududlar va restoranlar tashkil etilgan.

Prezident hududda yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, bunday loyihalar aholi farovonligi, hudud iqtisodiyoti va mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Turizm mamlakatni dunyoga tanitish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xizmatlar eksportini kengaytirishning samarali yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etildi.

Loyiha doirasida yuzdan ortiq tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 2 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi. Yiliga 750 ming nafar sayyohni qabul qilish, 3 mlrd so‘mlik budjet tushumi hamda $5 mlnlik xizmatlar eksportini taʼminlash ko‘zda tutilgan. Majmua 2027-yildan to‘liq quvvatda ishga tushiriladi.

Kelgusida bu yerda motokross maydonlari, 2 kilometrli dor yo‘li, karting va golf maydonlari tashkil etiladi. Bu imkoniyatlar “Karkidon” majmuasini faol turizm yo‘nalishidagi flagman maskanlardan biriga aylantiradi.

Mutasaddilarga turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini yanada rivojlantirish, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish, eng muhimi, aholi manfaatiga xizmat qiladigan barqaror tizimni shakllantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Tashrif davomida davlat rahbari yangi mehmonxona va savdo majmualari faoliyati bilan ham tanishdi. Shu yerning o‘zida sayyohlik sohasida istiqbolda amalga oshiriladigan loyihalar taqdimot qilindi.

Jumladan, Taxtako‘pir tumanida Qoratereng ko‘li, Xonobod tumanida sunʼiy ko‘l, Xatirchi tumanida “Ko‘ksaroy” suv ombori, Pop tumanida Arashan ko‘li, Nurobod tumanida “Sobirsoy” va Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Kattaqo‘rg‘on” suv omborlari atrofida ham yirik turizm majmualarini barpo etish rejalashtirilgan.

Bu kabi loyihalar mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini kengaytirish, hududlarda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish va aholi daromadini oshirishga xizmat qiladi.

2024-yil iyul oyida Shavkat Mirziyoyev Karkidon suv ombori yonida ekoturizm majmuasi loyihasini yaratish bo‘yicha topshiriq bergan edi.


Avvalroq Spot Farg‘ona vodiysi hududlarini bog‘lovchi yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandi. Shavkat Mirziyoyev ushbu yo‘nalishdagi ilk poyezdda Qo‘qondan Marg‘ilonga keldi.