Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni Qurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmand aholini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda Vaqf xayriya jamoat fondi tomonidan ishlab chiqilgan takliflar haqida axborot berildi.

Ularga ko‘ra, Qurbon hayiti munosabati bilan keng ko‘lamli tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, og‘ir va nogironlikka olib keluvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi. Bundan tashqari, 2,3 ming nafar onkologik va gematologik kasalligi bor bemorlarni tekshirish hamda davolash, kamida 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi xarajatlarini qoplash rejalashtirilgan.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida eʼtibor qaratiladi. 8 ming nafardan ziyod yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda xizmat vaqtida qurbon bo‘lgan ota-onalarning farzandlarining omonat hisobvaraqlariga $200 pul o‘tkazib beriladi.

Bundan tashqari, 500 ta masjidda zamonaviy tahoratxonalar qurish, rekonstruksiya qilish yoki taʼmirlash, shuningdek, joylardagi qabristonlarni obod qilish ishlari amalga oshiriladi.

Davlat taʼminotidagi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar oziq-ovqat to‘plamlari bilan taʼminlanadi.

Mazkur chora-tadbirlar Vaqf xayriya jamoat fondiga ajratiladigan 690 mlrd so‘m mablag‘ hisobidan moliyalashtiriladi.

Shu bilan birga, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi toifalari uchun ehson dasturxonlari yozish, ziyoratgohlar va diniy taʼlim tashkilotlarida qurbonlik tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Prezident ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash, bemorlarni davolash va bolalarga ko‘mak ko‘rsatish bilan bog‘liq tadbirlar shaffof va manzilli tashkil etilishi zarurligini taʼkidladi hamda mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Spot, avvalroq, o‘zbekistonliklar Qurbon hayitida ketma-ket 5 kun dam olishi haqida yozgandi.