Prezidentning Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat bilan, 2026-yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 27-may — chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi belgilandi.
Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq, Qurbon hayitning birinchi kuni ishlanmaydigan bayram kuni sifatida belgilangan.
Prezidentining 2025-yil 24-dekabrdagi farmoniga muvofiq (PF-257-son) ish haftasining turidan qat‘i nazar barcha xodimlar uchun 28-may — payshanba, 29-may — juma kunlari qo‘shimcha dam olish kuni sifatida belgilanadi.
Shuningdek, olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 30-may — shanba kuni ham dam olish hisoblanadi.
Shu bilan birga, qaror bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari boshqa tashkilotlar bilan birga hududlarda Qurbon hayitini o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishi belgilandi.
Turizm qo‘mitasi esa Transport vazirligi bilan birga fuqarolar uchun ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida sharoit va imkoniyatlar yaratishi qayd etildi.
Spot, bundan avval, o‘zbekistonliklar Qurbon hayiti munosabati bilan ketma-ket 5 kun dam olishi kutilayotgani haqida yozgandi.