Memorandumni imzolash marosimi 22-may kuni OSON kompaniyasining bosh ofisida bo‘lib o‘tdi. Hamkorlik doirasida Ezgu Amal jamg‘armasi OSON tizimiga integratsiya qilinadi. Endi foydalanuvchilar jamg‘arma qaramog‘idagi bolalarga tez va qulay tarzda xayriya yubora oladi.
Ma’lumot o‘rnida, Ezgu Amal — onkologik va boshqa og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarga yordam ko‘rsatuvchi xayriya jamg‘armasidir. Tashkilot oilalarga davolanish xarajatlarini qoplashda ko‘maklashib, , turli ijtimoiy va xayriya tashabbuslarini amalga oshiradi.

OSON kompaniyasi vakillarining ta’kidlashicha, mazkur jamg‘arma bilan hamkorlik qilish kompaniyaning ijtimoiy tashabbuslarni rivojlantirish hamda yordamga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasining bir qismi hisoblanadi.
Tomonlarning birinchi qo‘shma tashabbusi 26-may kuni o‘tkaziladigan “Donorlar kuni” aksiyasi bo‘ladi. Unda OSON xodimlari ishtirok etib, jamg‘arma qaramog‘idagi bemorlar uchun qon topshiradilar. Shuningdek, mazkur loyiha O‘zbekistonda bunday formatdagi birinchi korporativ tashabbus, ya’ni OSON kompaniyasining shaxsiy qon bankini rivojlantirish yo‘lidagi qadamlaridan biriga aylanadi.

Ezgu Amal jamg‘armasi rahbariyatining qayd etishicha, ushbu loyiha jamg‘arma faoliyatida yangi va muhim yo‘nalishni, ya’ni muntazam donorlikni rivojlantirish hamda saraton bilan kurashayotgan bolalarga yordam berish imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lini ochib beradi.
Reklama huquqlari asosida.