Google I/O anjumanida kompaniya qidiruv tizimining keng ko‘lamli yangilanishini namoyish qildi.

Bu yangilanish internetdan ma’lumot izlashning odatiy usulini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin. Mutaxassislarning fikricha, o‘nlab havolalardan iborat klassik qidiruv natijalari davri asta-sekin yakunlanmoqda.

Asosiy yangilik — bu yangilangan qidiruv satridir. Endi foydalanuvchilar uzun so‘rovlarni jonli nutq shaklida kiritishlari mumkin bo‘ladi, o‘rnatilgan sun’iy intellekt esa qidiruv jarayonidayoq ularni aniqlashtirish va to‘ldirishga yordam beradi.

Google shuningdek, AI Overviews va AI Mode imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirmoqda. Endi foydalanuvchilar odatiy saytlar ro‘yxati o‘rniga tobora ko‘proq tayyor javoblar, interaktiv bloklar, vizualizatsiyalar va maxsus vidjetlarga ega bo‘ladilar.

Masalan, qidiruv tizimi nafaqat murakkab mavzuni tushuntirib bera oladi, balki uni qo‘shimcha savollar orqali o‘zgartirish mumkin bo‘lgan interaktiv sxema ko‘rinishida ham ko‘rsatadi.

Shaxsiy sun’iy intellekt agentlari yana bir muhim funksiyaga aylanadi. Ular internetdagi ma’lumotlarni mustaqil ravishda kuzatib boradi, o‘zgarishlarni tahlil qiladi va foydalanuvchiga tayyor hisobotlarni yuboradi. Aslida, Google qidiruv tizimini axborot topish vositasidan ayrim vazifalarni o‘zi bajaradigan yordamchiga aylantirmoqda.

Bundan tashqari, kompaniya matnli buyruqlar yordamida shaxsiy mini-ilovalarni yaratish imkonini ham beradi. Foydalanuvchilar dasturlash ko‘nikmalarisiz rejalashtirish, ta’lim, sport va boshqa vazifalar uchun o‘zlariga mos vositalarni yarata oladilar.

Barcha yangi funksiyalar Gemini negizida ishlaydi va shu yozdan boshlab foydalanuvchilarga bosqichma-bosqich taqdim etiladi.

Biroq, mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu o‘zgarishlar saytlar va ommaviy axborot vositalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, chunki odamlar javoblarni bevosita qidiruv tizimining o‘zidan olgani sari havolalarga kamroq o‘tadigan bo‘ladi.


Avvalroq Google yangi funksiyalarga ega Android 17 tizimini taqdim etgani haqida xabar berilgandi.

Bunda Gemini AI, Chrome integratsiyasi, yangi xavfsizlik funksiyalari, 3D emojilar va Android hamda iPhone o‘rtasida fayl almashish imkoniyati bor.