Google kompaniyasi 12-may kuni The Android Show taqdimoti doirasida Android 17 yangilanishining yangi xususiyatlari va imkoniyatlarini taqdim etdi.

Munosabatlarni tahrirlamasdan yozish

Android 17 dagi yangi Screen Reactions funksiyasi sizga bir vaqtning o‘zida o‘zingizni va ekranni yozib olish, so‘ngra o‘z munosabatingizni videolar, fikrlar yoki boshqa kontent ustiga qo‘yish imkonini beradi.

Bu “yashil ekran"ning o‘rnatilgan analogi bo‘lib, bunda videoni alohida eksport qilish, ilovalar o‘rtasida fayllarni o‘tkazish va ovozni sinxronlashtirish zarurati yo‘q.

Ijtimoiy tarmoqlar uchun yaxshilanishlar

Shuningdek, Instagram uchun ham ba’zi eksklyuziv yangilanishlar tayyorlanmoqda: ilova Ultra HDR, o‘rnatilgan video barqarorlashtirish funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi hamda Android-smartfonlardagi surat va videolar yanada sifatli ko‘rinishi uchun Night Sight bilan integratsiyalashadi.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoq ilovasida Android 17 uchun eksklyuziv sun’iy intellektga asoslangan funksiyalar paydo bo‘ladi.

Masalan, qurilmaning o‘zida videoni kengaytirish (apskeyl) hamda shamol, fon shovqini va musiqani o‘z ichiga olgan tovushlarni ajratish imkoniyati. Kompaniya ilovaning Android 17 tizimidagi planshetlar uchun to‘liq optimallashtirilganini ma’lum qildi.

“Raqamli farovonlik” yangilanishi

Android’da “Raqamli farovonlik” funksiyasi doirasida ilovalarda uzluksiz “qolib ketish"ga qarshi yangi vosita — Pause Point paydo bo‘ladi.

Bu funksiya foydalanuvchi ijtimoiy tarmoqlar, o‘yinlar yoki boshqa chalg‘ituvchi xizmatlar uchun oldindan belgilab qo‘yadigan ilova taymerlarining odatiy mantig‘ini almashtirishi kutilmoqda.

Vaqt bo‘yicha qat’iy cheklov o‘rniga, Pause Point lahzada ishlaydi. Foydalanuvchi chalg‘ituvchi deb hisoblagan ilovalarni tanlaydi, Android esa ulardan birini ochishga uringanida qisqa pauza ko‘rsatadi va muqobil variantlarni taklif qiladi: nafas olish mashqi, shaxsiy xotiralardan slayd-shou yoki ilova uchun tezkor taymer.

Funksiyaning g‘oyasi ilovani ochish qarorini yanada ongli ravishda qabul qilishdan iborat. Google ma’lumotlariga ko‘ra, bunday 10 soniyalik tanaffuslar foydalanuvchiga haqiqatan ham hozir ilovaga kirishni xohlayotgani haqida o‘ylashga yordam berishi kerak.

android 17, google

Gemini Intelligence

Bu Android premium qurilmalarida yangi AI funksiyalari seriyasining umumiy nomi. Gemini Intelligence Material 3 Expressive asosida yaratilgan yangi vizual tilga asoslanadi: u Gemini qachon tinglayotganini, o‘ylayotganini yoki vazifani bajarayotganini ko‘rsatishi kerak.

Gemini murakkab vazifalarni bajarishni o‘rgandi. Gemini Intelligence’ning asosiy g‘oyalaridan biri — ekrandagi kontekst yoki tasvirni hisobga olgan holda amallarni bajarishdir.

Masalan, Gemini qaydlardagi xaridlar ro‘yxatini ko‘rishi va unga qarab yetkazib berish savatini tuzishi, sayohat kitobchasining suratiga qarab esa olti kishilik guruh uchun o‘xshash sayohatni topishi mumkin.

Gboard uchun yangi Rambler funksiyasi — bu Gemini asosidagi takomillashtirilgan ovozli kiritish bo‘lib, u pauzalar, takrorlashlar, o‘z-o‘zini tuzatishlar va ortiqcha so‘zlarni tushunadi.

Ya’ni, foydalanuvchi matnni tabiiy ravishda aytib tura oladi, tizim esa keraksiz qismlarni o‘zi olib tashlaydi va aytib turish jarayonidagi o‘zgarishlarni hisobga oladi. Bundan tashqari, Gemini Intelligence Android uchun maxsus vidjetlar yarata oladi.

Googlebook

Shuningdek, Gemini Intelligence va ChromeOS integratsiyasi uchun maxsus yaratilgan premium kompyuterlar — Googlebook ham e’lon qilindi.

Masalan, “Sehrli ko‘rsatkich” funksiyasi ekrandagi istalgan obyektni tanlash va u haqida darhol Gemini’ga savol berish yoki uni so‘rovga qo‘shish imkonini beradi.

android 17, google

Chrome ichida Gemini

Android uchun Chrome brauzeri Gemini chatbotining to‘liq integratsiyasiga ega bo‘ladi. Hozirda Android Assistent mobil Chrome bilan ishlay oladi, masalan, sahifalarni qisqacha aytib beradi, ammo endi Gemini Android brauzerining bir qismiga aylanadi.

Manzil qatori yonida alohida Gemini tugmasi chiqadi. Bosilganda pastki panel ochiladi, u yerda joriy sahifa bo‘yicha savollar berish, qisqacha hikoya yoki tushuntirish so‘rash mumkin.

Gemini, shuningdek, Google Taqvimga tadbirlar qo‘shishi, retsept masalliqlarini Keep xizmatiga saqlashi, Gmail orqali ma’lumot qidirishi va Nano Banana bilan integratsiyalashgan holda infografika va vizualizatsiyalar yaratishi mumkin.

Yana bir muhim yangilik — bu auto browse funksiyasidir. Uning yordamida Chrome brauzeridagi Gemini foydalanuvchi topshirig‘ini bajarish uchun sahifalarni mustaqil varaqlay oladi, kerakli unsurlarni bosadi va matn kiritadi. Masalan, chipta ma’lumotlari saqlangan xat asosida avtoturargoh topish yoki onlayn do‘kondagi buyurtmani yangilash kabi.

android 17, google

Xavfsizlik va maxfiylikning yangi funksiyalari

Asosiy o‘zgarishlardan biri Find Hub ilovasiga taalluqli: endilikda “Yo‘qolgan deb belgilash” (Mark as lost) funksiyasi biometrik autentifikatsiyani talab qiladi. Bunda foydalanuvchi PIN-kod yoki parolni kiritishi hamda amalni barmoq izi yoki yuzni tanish orqali tasdiqlashi kerak bo‘ladi.

Qurilma yo‘qolgan smartfon rejimiga o‘tkazilgandan so‘ng, Android tezkor sozlamalarni ham yashiradi va yangi Wi-Fi tarmoqlari va Bluetooth qurilmalariga ulanish imkoniyatini o‘chirib qo‘yadi.

Bu hujumchiga muhim sozlamalarni tezda o‘zgartirish yoki qurilmani aniqlash hududidan olib ketishga to‘sqinlik qilishi kerak.

PIN kod yoki parolni kiritishga urinishlar soni kamayadi va muvaffaqiyatsiz urinishlar orasidagi kechikishlar ortadi. Yana bir funksiya Android 12 va undan keyingi versiyalarda qurilma IMEI raqamini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekran qulfida ko‘rish imkonini beradi.

Bu politsiya, ishlab chiqaruvchilar va operatorlarga qurilmaga egalikni tezroq tasdiqlash va uni egasiga qaytarishga yordam beradi.

android 17, google

Yangi emojilar

Android 17 da yangi 3D emojilar paydo bo‘ladi. Yangi Noto 3D kolleksiyasi kengroq dizayn, teksturalar va chuqurlik effektiga ega emojilar katalogini taqdim etadi. Emojilar kamroq multfilm bo‘lib, iPhone va Samsung qurilmalarida ishlatiladigan emojilarga ko‘proq o‘xshaydi.

Shu tufayli turli platformalardagi emojilar bir xil idrok etilishi mumkin Noto 3D to‘plamidagi yangi emojilar dastlab Pixel smartfonlarida, keyinchalik esa boshqa qurilmalarda paydo bo‘la boshlaydi.

android 17, google

AirDrop qo‘llab-quvvatlanadi

Google kompaniyasi Android’dagi Quick Share va iPhone’dagi AirDrop o‘rtasida fayl almashinuvini kengaytiradi. 2026-yilda bu imkoniyat ko‘proq ishlab chiqaruvchilarning, jumladan, Oppo, OnePlus, Vivo, Xiaomi va Honor qurilmalarida paydo bo‘ladi.

Shuningdek, Samsung ham tilga olingan. Ehtimol, gap hozirda qo‘llab-quvvatlanadigan Galaxy S26'dan tashqari boshqa qurilmalar haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, Google hozircha AirDrop’ni to‘liq qo‘llab-quvvatlash imkoniga ega bo‘lmaganlar uchun vaqtinchalik yechim ham taqdim etdi. Bugundan boshlab istalgan Android qurilmasidagi Quick Share ilovasida QR-kod yaratib, faylni bulutli xotira orqali iPhone’ga yuborish mumkin.

Quick Share boshqa ilovalar ichida ham paydo bo‘la boshlaydi. Birinchi hamkor WhatsApp bo‘ladi.

Endi boshqa operatsion tizimlardan Android’ga o‘tish yanada osonlashadi. Masalan, ma’lumotlarni ko‘chirish ilovasi yangi qurilmaga parollar, ilovalar, rasmlar va eSIM ma’lumotlarini avtomatik tarzda yuklab oladi. Bu funksiyaning ishga tushirilishining aniq sanasi hozircha ma’lum emas.


Avvalroq Spot Google displeysiz Fitbit Air fitnes bilaguzugini taqdim etgani haqida yozgandi.

Bilaguzuk qadamlarni, pulsni, uyquni, qondagi kislorod miqdorini va teri haroratini kuzatadi.