Telegram’ning macOS uchun sinov versiyasida yangi “Yangiliklar” bo‘limi paydo bo‘ldi. Bu haqda “1337” Telegram kanali xabar berdi.
Kanal ma’lumotlariga ko‘ra, yangi bo‘lim ikki qismdan iborat: Added — foydalanuvchi obuna bo‘lgan kanallardagi postlar, For You esa shaxsiy tavsiyalarni ko‘rsatadi.
Shu tariqa, messenjerda ijtimoiy tarmoqlarga xos yangiliklar lentasi paydo bo‘lishi mumkin. Hozir Telegram kanallaridagi postlar xronologik tartibda joylashtiriladi va ularni ko‘rish uchun har bir kanalni alohida ochish kerak.
Foydalanuvchining qiziqishlariga mos postlarni tanlab beradigan algoritm esa mavjud emas. For You bo‘limida foydalanuvchi hali obuna bo‘lmagan kanallarning postlari ham chiqishi kutilmoqda.

Telegram yangi bo‘limni rasman e’lon qilmagan. Messenjerning beta-versiyalaridagi funksiyalar sinovdan o‘tkazilayotgani sababli, yangilik yakuniy versiyada paydo bo‘ladimi va qanday ko‘rinishda taqdim etilishi hozircha noma’lum.
Funksiyaning ishga tushish sanasi, shuningdek, uni iOS, Android va Windows platformalarida joriy etish rejalari ham e’lon qilinmagan.
Avvalroq Telegram qidiruvga o‘xshash kanallarni tavsiya qilish funksiyasini qo‘shgan edi. Biroq hozirgacha messenjerda postlar uchun alohida lenta mavjud emas.
Avvalroq Spot Telegram ovozli xabarlarni yuborishdan oldin matnga aylantirishni o‘rgangani haqida yozgandi.
Funksiya hozircha sinov bosqichida va noto‘g‘ri ishlashi mumkin. Undan faqat Telegram Premium obunachilari foydalana oladi.