Telegram’ning Android uchun 13.0.3 beta versiyasida ovozli xabarni yuborishdan oldin matnga aylantirish funksiyasi paydo bo‘ldi. Bu haqda Kod Durova xabar berdi.
Yozuv vaqtida mikrofon belgisini yuqoriga surib, pauza tugmasi yonidagi “Aa” belgisini bosish kifoya. Audio qayta ishlangach, foydalanuvchi suhbatdoshiga matnli xabar yoki asl ovozli xabarni yuborishni tanlashi mumkin.
Yozuvni davom ettirish yoki keraksiz qismini kesib tashlash ham mumkin. Har ikki holatda Telegram ovozni qaytadan matnga aylantirishni taklif qiladi.


Funksiya hozircha sinov bosqichida va noto‘g‘ri ishlashi mumkin. Undan faqat Telegram Premium obunachilari foydalana oladi.
Ilgari kelgan ovozli xabarlarni matnga aylantirish imkoniyati Telegram’da allaqachon mavjud edi. Yangi funksiya esa bu imkoniyatni xabar yuborishdan oldin ham ishlatishga imkon beradi.
Shuningdek, sozlamalarda yangi “Voice Messages” eksperimental bo‘limi paydo bo‘ldi. Unda RNNoise texnologiyasi yordamida ovozli xabarlarni shovqindan tozalab yozish funksiyasi ham mavjud.
RNNoise — neyron tarmoqqa asoslangan ochiq kodli shovqinni kamaytirish kutubxonasi. U ovoz Opus formatida kodlanishidan oldin inson ovozini fon shovqinidan ajratadi. Telegram ovozli xabarlarni uzatishda aynan shu formatdan foydalanadi.
Avvalroq Spot Telegram’dagi Wallet kripto-hamyoni nomi Walt’ga o‘zgartirilgani haqida yozgandi.
Messenjer asosiy menyusidan olib tashlangan kripto-hamyon o‘rnini 2026-yil avgustida ishga tushirilgan Gram Wallet egallaydi.

