Telegramdagi Wallet kripto-hamyoni nomi Walt’ga o‘zgartirildi. Bu haqda The Open Platform asoschisi va rahbari Andrey Rogozov ma’lum qildi.
28-sentabrda foydalanuvchilar Telegram avval messenjerning asosiy menyusiga qo‘shgan Wallet kripto-hamyonini menyudan olib tashlaganini payqashdi.
Shundan so‘ng Wallet faoliyatini ta’minlovchi bot Walt (@walt) deb qayta nomlandi va logotipi o‘zgartirildi.
The Open Platform asoschisi va rahbari Andrey Rogozovning so‘zlariga ko‘ra, Walt o‘z faoliyatini davom ettiradi va mavjud funksiyalarini saqlab qoladi.
Telegram menyuga o‘zining Gram kriptohamyonini qo‘shadi, deya ma’lum qildi Rogozov. Uning ishga tushirilishi haqida Pavel Durov 2026-yil avgust oyi oxirida e’lon qilgandi.
Bunda Gram Wallet va Walt turli vazifalarni bajaradi. Birinchisi Telegram foydalanuvchilari uchun “kirish nuqtasi” bo‘ladi: ular Gram tokenlari va “Yulduzlar"ni sotib olishi, sovg‘alar yuborishi va messenjer ichida mablag‘ o‘tkazishi mumkin.
Ikkinchisi esa “to‘laqonli kripto platforma” sifatida ishlaydi. Foydalanuvchilar unda Telegramning standart imkoniyatlaridan tashqariga chiqib, turli aktivlar bilan savdo qilishi, investitsiya qilishi va turli blokcheynlar o‘rtasida mablag‘ o‘tkazishi mumkin bo‘ladi, deya ta’kidladi Rogozov.
Wallet The Open Network (TON) platformasi asosida ishlaydi, u 2020-yilda Amerika regulyatorlari talabiga binoan yig‘ilgan Telegram Open Network loyihasining ishlanmalaridan yaratilgan. 2023-yil sentabr oyida TON va Telegram hamkorlik shartnomasini e’lon qildi.
2024-yil oktabr oyida Wallet saytida platformaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi uchun direktor qidirilayotgani haqida xabar paydo bo‘ldi. Uning vazifalari qatoriga mahalliy davlat hokimiyati organlari va regulyatorlar bilan hamkorlik qilish ham kirishi ta’kidlangandi.
2025-yil dekabrida Telegram messenjeriga integratsiya qilingan Wallet kripto-hamyonlari O‘zbekistonda rasman ish boshladi.
Foydalanuvchilar ilova interfeysida Wallet funksiyalaridan bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Xizmatda mahalliy to‘lov tizimlaridan foydalangan holda Bitcoin, Toncoin, USDT va boshqa 200 dan ortiq mashhur kriptovalyutalarni sotib olish va sotish mumkin.
Joriy yil yanvarida Uzcard va Visa‘ning sobiq xodimi Diyorbek Muxammedov Wallet‘ning O‘zbekiston bo‘yicha menejeri bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Avvalroq Spot Telegramda navbatdagi yangilanishlar taqdim etilgani haqida yozgandi.
Xususan, salomlashuv xabarlari, xabarlardagi tugmalar, imzolangan hadyalar hamda boshqa imkoniyatlar paydo bo‘ldi.