Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Kapital bozori to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasi kapital bozori vositalari turlarini kengaytirishni nazarda tutadi. Jumladan, hosilaviy moliyaviy vositalar, qoplangan obligatsiyalar, sekyuritizatsiya, sukuk va barqaror rivojlanish obligatsiyalarini chiqarish va ularning bozordagi muomalasini tartibga soluvchi qoidalar belgilanmoqda.

Loyihada kapital bozorida kliring va kastodial xizmatlar ko‘rsatish tartibi hamda ularga qo‘yiladigan talablar ham belgilangan.

Bundan tashqari, hujjat kapital bozori infratuzilmasi va professional ishtirokchilar faoliyatini takomillashtirish, axborotni oshkor qilish tartibini kuchaytirish hamda tartibga solish va nazorat tizimini xalqaro standartlarga moslashtirishni nazarda tutadi.

Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun investorlar huquqlarini himoya qilish, bozorda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda korxonalarning uzoq muddatli mablag‘ jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Qonunchilik palatasi 28-iyul kuni “Kapital bozori to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgandi. Hujjatning asosiy maqsadi O‘zbekistonda kapital bozorini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish hamda zamonaviy moliyaviy vositalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda xorijiy qimmatli qog‘ozlar bilan faqat malakali investorlar savdo qila olishi haqida yozgandi.