Vazirlar Mahkamasi bojxona hududida qayta ishlash rejimida ishlab chiqarilgan tovarlar uchun bojxona to‘lovlarini hisoblash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Hujjat Lex.uz saytida e’lon qilingan.

Nizom bojxona hududida qayta ishlash rejimini rasmiylashtirgan holda olib kirilgan materiallardan mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning bojxona qiymatini hisoblash tartibini belgilaydi. Uning asosida bojlar va boshqa to‘lovlar miqdori belgilanadi.

Umumiy qoidaga ko‘ra, boj summasi olib kirilgan xomashyoning bojxona qiymatidan va (yoki) ishlab chiqarish me’yorlariga muvofiq qayta ishlangan mahsulot miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Boj qayta ishlangan mahsulotdan uni erkin muomala rejimiga chiqarishda undiriladi. Boj miqdori bojxona tarifi bilan belgilangan stavkalar bilan belgilanadi va foydalanilgan xomashyo hamda materiallarning kelib chiqish mamlakatiga bog‘liq bo‘lmaydi.

Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya manfaatdor vazirliklar va boshqa davlat idoralari takliflari asosida, ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo importi uchun bojxona to‘lovlari summasi tayyor mahsulot bojidan oshib ketadigan tovarlar ro‘yxatini (“tarif inversiyasi”) tuzadi.

Tadbirkorlik subyektlari tovarlarni ushbu ro‘yxatga kiritish uchun arizalarni Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi orqali topshirishlari mumkin.

Takliflarga mamlakatda tovar ishlab chiqarishni tashkil etish rejalari yoki buning uchun salohiyat to‘g‘risidagi axborot, shu jumladan qayta ishlash normalari, ular uchun hisob-kitoblar va jarayonlarning texnik-iqtisodiy asoslanishi ilova qilinishi kerak.

Misol tariqasida import qilinadigan LED lampa va uning tarkibiy qismlari uchun bojxona to‘lovlarining hisob-kitobi keltirilgan:

Tovar nomi
Bojxona qiymati
Boj stavkasi
Boj summasi
I. Tayyor lampa
$2
5%
$0,1
II. Lampa ishlab chiqarish uchun komponentlar
LED chip (modul)
$0,8
10%
$0,08
drayver (elektron blok)
$0,5
10%
$0,05
korpus (radiator)
$0,4
15%
$0,06
kolba (diffuzor)
$0,2
15%
$0,03
Jami
$1,9
-
$0,22
III. Farq
$0,12

Komissiya taklifni taqdim etilgandan keyin 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Materiallar uchun bojlar summasi tayyor import uchun bojdan ortiq bo‘lgan tovarlarning yangilangan ro‘yxatlari har oyning 5-sanasiga qadar tasdiqlanadi.

Import materiallardan ishlab chiqarilgan tovarlarga bojxona boji ularning umumiy bojxona qiymatini tayyor mahsulot uchun boj stavkasiga ko‘paytirish yo‘li bilan hisoblanadi.

Bojxona to‘lovlari bo‘yicha qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar import materiallardan ishlab chiqarilgan mahsulotlarga ham tatbiq etiladi. Yangi tartib 2027-yil 1-martgacha tajriba tariqasida amal qiladi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda 2025-yilda kim eng ko‘p soliq imtiyozini olgani haqida yozgandi.

Imtiyozlar bo‘yicha yetakchilar qatoridan neft-gaz sektori kompaniyalari hamda aviatashuvchilar o‘rin egalladi.