Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni O‘zbekistonning BRIKSning Yangi taraqqiyot bankiga qo‘shilishi to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat Lex.uz saytida e’lon qilingan.

Matnda qayd etilishicha, mamlakat Yangi taraqqiyot banki to‘g‘risidagi bitimga qo‘shiladi. Dastlabki hujjat 2014-yil 15-iyulda Braziliyaning Fortaleza shahrida Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika Respublikasi tomonidan imzolangan.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 21-aprel kuni uch o‘qishda qabul qilingan, 19-may kuni esa Senat tomonidan ma’qullangan.

Deputatlar ham, senatorlar ham O‘zbekiston Yangi taraqqiyot bankiga qo‘shilish orqali xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, infratuzilma va barqaror rivojlanish sohasidagi yirik loyihalarni moliyalashtirish uchun katta salohiyatga ega bo‘lishini ta’kidladilar.

Qonunchilik palatasidagi muhokamada mamlakatning bankka qo‘shilishining “tarixiy” ahamiyati ta’kidlandi. Deputatlarning ta’kidlashicha, bank ishtirokchisi maqomi “ochiq va pragmatik investitsiya siyosatining mantiqiy davomi” hisoblanadi.

Qonun chiqaruvchilarning fikricha, bankka a’zo bo‘lish iqtisodiyotni modernizatsiya qilish uchun “muqobil va imtiyozli investitsiyalar oqimini” jalb qilish imkonini beradi.

Gap, birinchi navbatda, energetika va transport sohalari, infratuzilma hamda suv xo‘jaligidagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlari haqida bormoqda.


2024-yil oktabr oyida Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan BRIKS+ sammitida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning blok mamlakatlari bilan sheriklik aloqalarini chuqurlashtirish niyatida ekanini ma’lum qilgandi. Xususan, u BRIKSning Yangi taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va tashkilotning investitsiya platformasiga qo‘shilish niyatini ta’kidladi.

2025-yil iyun oyida prezident bank prezidenti Dilma Russef bilan uchrashdi. Toshkent xalqaro investitsiya forumi oldidan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bank bilan hamkorlikni kengaytirish va avvalgi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

O‘shanda xabar qilinganidek, Yangi taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi O‘zbekistonning qo‘shilishiga “prinsipial rozilik” bergan. $5 mlrdga baholangan ustuvor qo‘shma loyihalar dasturi shakllantirildi.


Avvalroq Spot YTB O‘zbekistonda vakolatxonasini ochgani va $1,5 mlrdgacha sarmoya kiritishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.