O‘zbekiston 2025-yilda Yevroosiyo taraqqiyot bankiga (YeTB) qo‘shilganidan so‘ng, kecha bank Toshkentda o‘z rasmiy vakolatxonasini ochdi. Bu haqda Spot‘ga bank matbuot xizmati xabar berdi.

Hukumat ko‘magida barcha zaruriy tartib-taomillar yakunlandi. Bank mamlakatda to‘laqonli investitsiyaviy faoliyatni boshlamoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev o‘z nutqida so‘nggi yigirma yil ichida YeTB infratuzilma, sanoat, moliya bozorlari va mintaqaviy transport bog‘liqligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlovchi muhim xalqaro moliya institutiga aylanganini ta‘kidladi.

“O‘zbekiston uchun YeTBning Toshkentdagi doimiy ishtiroki shunchaki institutsional hamkorlik formatidan ko‘ra ko‘proq ahamiyatga ega. Bu bizga loyihalarni muhokama qilishdan ularni amalga oshirishga tezroq o‘tishga yordam beradi, bank, davlat idoralari va biznes hamjamiyati o‘rtasidagi bevosita muloqotni mustahkamlaydi hamda uzoq muddatli moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi”, — deya ta‘kidladi u.

bank apelsin, jamshid xodjayev, vakolatxona, yetb, yevroosiyo taraqqiyot banki

Bosh vazir o‘rinbosari raqamli texnologiyalar, suv resurslarini boshqarish, eksportni qo‘llab-quvvatlash, kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish, tog‘-kon sanoati hamda transport infratuzilmasi sohalarida hamkorlik uchun katta salohiyat ko‘rayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vakolatxonaning ochilishi aniq loyihalar va natijalar bilan o‘lchanadigan ikki tomonlama hamkorlikning “yangi, yana-da amaliyotga yo‘naltirilgan bosqichi” boshlanganidan dalolat beradi.

YeTB Boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov, o‘z navbatida, 2031-yilgacha O‘zbekistonga $1,5 mlrdgacha sarmoya kiritish, jumladan, yuqori integratsion salohiyatga ega qariyb $800 mlnlik loyihalarni amalga oshirish rejalari haqida ma‘lum qildi. Bu maqsadda Texnik ko‘maklashish jamg‘armasi, Raqamli tashabbuslar jamg‘armasi, loyiha ekspertizasi hamda Fors ko‘rfazi va Osiyo mamlakatlari kapitalidan foydalanish kabi vositalar ishga solinadi.

Uning aytishicha, loyihalarning joriy portfeli energetika, logistika va sanoatni qamrab oladi. Bundan tashqari, YeTB vakolatxona ochilish marosimida ilk kelishuvlarni, jumladan, Uzum bilan $70 mlnlik kredit shartnomasini imzolab, bir qator loyihalarni ishlab chiqmoqda.

bank apelsin, jamshid xodjayev, vakolatxona, yetb, yevroosiyo taraqqiyot banki

2025-yilning aprelida prezident O‘zbekistonning YeTBni ta‘sis etish to‘g‘risidagi bitimga qo‘shilishini ma‘qullaydigan qonunni imzolagandi. Unga ko‘ra, bank “xalqaro shartnomalar, xalqaro huquq, bank faoliyatining tamoyillari va normalariga muvofiq” ish yuritadi.

O‘sha yilning sentabrida O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) bankning nominal qiymati $1000 lik 777 777 dona aksiyalar paketini sotib olayotgani ma‘lum bo‘ldi. Shundan 168 411 dona aksiya (21,7%) uchun haq to‘lanadi, qolgan qimmatli qog‘ozlar esa talab bo‘yicha to‘lanadi.

To‘lovning umumiy summasi $168,411 mlnni tashkil etdi. Dastlabki $10 mlnni 23-sentabrgacha (qaror kuchga kirganidan bir hafta o‘tib), qolgan qismini esa 2026−2027-yillar davomida har biri $79 205 500 dan iborat teng ulushlarda to‘lash topshirildi.

ISSV YeTB bilan hamkorlik doirasidagi munosabatlar bo‘yicha vakolatli organ sifatida faoliyat yuritadi. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev hamkorlik bo‘yicha vakolatli vakil etib tayinlandi, Rossiya bilan ishlashga mas‘ul bo‘lgan vazir o‘rinbosari Hurram Teshayev esa unga o‘rinbosar bo‘ladi.

YeTB haqida

Yevroosiyo taraqqiyot banki — a‘zo davlatlarning iqtisodiy o‘sishiga, ularning savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirishga va investitsiyalar orqali Yevroosiyo hududida integratsiyani rivojlantirishga ko‘maklashishga yo‘naltirilgan xalqaro moliya tashkilotidir.

YeTBni ta‘sis etish to‘g‘risidagi bitim 2006-yil yanvar oyida Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasida imzolangan. 2009-yilda Armaniston va Tojikiston, 2010-yilda Belarus, 2011-yilda esa Qirg‘iziston bank a‘zolariga aylangan.

Bankning bosh qarorgohi Olmaota shahrida joylashgan, Sankt-Peterburgda filiali hamda Ostona, Bishkek, Dushanbe, Yerevan, Minsk va Moskvada vakolatxonalari mavjud. Bankning ustav kapitali $7 mlrdni tashkil etadi: to‘langan qismi — $1,5 mlrd, talab qilinganda to‘lanadigan qismi — $5,5 mlrd.

YeTB Boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov 2024-yil iyun oyida O‘zbekiston ta‘sischilar tarkibiga kirish uchun ariza bergani va bank aksiyalarining 10% ini sotib olishni rejalashtirayotganini aytgan edi. O‘sha yilning sentabrida u ISSV rahbari Laziz Qudratov bilan Toshkentda YeTBning mamlakatdagi ofisini ochish masalasida muzokaralar o‘tkazgan.