01
Nima bo‘ldi?
Aprel oyida O‘zbekistonda mobil telefon raqamini boshqa shaxs nomiga onlayn qayta rasmiylashtirish xizmati ishga tushirildi.
Ilgari raqamni qayta rasmiylashtirish uchun uning amaldagi egasi va yangi egasi mobil aloqa kompaniyasi filialiga shaxsan borishi hamda hujjatlarni taqdim etishi shart edi.
Endilikda jarayon to‘liq raqamlashtirildi hamda xizmatdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali masofadan turib foydalanish mumkin.
02
Qaysi raqamlar uchun mavjud?
Portal orqali hozirda quyidagi mobil operatorlarga tegishli raqamlarni qayta rasmiylashtirish mumkin:
- Uztelecom;
- Ucell;
- Beeline;
- Mobiuz.
03
Bu qanday ishlaydi?
Xizmatdan foydalanish uchun my.gov.uz portaliga kirib, “Telefon raqamini qayta rasmiylashtirish” xizmati tanlanadi.
Undan keyin oynada paydo bo‘lgan “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosish kerak. So‘ng ekranda “Arizachi haqida ma’lumot” oynasi ochiladi.

04
Ma’lumotlar qanday kiritiladi?
“Arizachi haqida ma’lumot” oynasi ochilgandan so‘ng, avvalo boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirilishi kerak bo‘lgan telefon raqamining mobil operatorini tanlash lozim.
Kerakli mobil operator tanlangandan so‘ng, keyingi maydon to‘ldiriladi. O‘tkazilayotgan telefon raqami 998901112233 ko‘rinishida kiritilishi kerak.
Shundan so‘ng telefon raqamini oluvchi shaxs tanlanadi:
- Agar raqam yaqin qarindosh nomiga o‘tkazilayotgan bo‘lsa, tizim avtomatik ravishda fuqaroning yaqin qarindoshlari ro‘yxatini ko‘rsatadi va qo‘shimcha ma’lumot talab qilmaydi.
- Agar raqam boshqa shaxs nomiga o‘tkazilayotgan bo‘lsa, “Boshqa shaxs” tugmasi tanlanib, uning JSHSHIRi kiritiladi.
Barcha ma’lumotlar to‘ldirilgach, aloqa uchun arizachining telefon raqami qoldiriladi va “Keyingi” tugmasi bosiladi. Shu orqali jarayonning birinchi bosqichi yakunlanadi va so‘rov raqamning yangi egasiga yuboriladi.


05
Qabul qiluvchining vazifasi
Jarayonning ikkinchi bosqichida telefon raqamini qabul qilayotgan tomon yuborilgan so‘rovni tasdiqlashi yoki rad etishi kerak.
Buning uchun u my.gov.uz portalidagi shaxsiy kabinetiga kirib, “Arizalarim” bo‘limidan “Telefon raqami foydalanish huquqini o‘tkazish” arizasini tanlaydi. Unga xabarnoma jo‘natilgan bo‘lishi kerak.
06
Arizani tasdiqlash
Shundan so‘ng ekranda “Arizani tasdiqlash” oynasi ochiladi. Unda bog‘lanish uchun telefon raqami kiritilib, “Tasdiqlash” tugmasi bosiladi.
Mobil raqamning yangi egasi tomonidan tasdiq berilgach, telefon raqamini qayta rasmiylashtirish jarayoni yakunlanadi.

07
Jarayonni yakunlash
Keyingi bosqichda foydalanuvchi MyID tizimi orqali o‘z shaxsini tasdiqlashi kerak bo‘ladi. Buning uchun ekranda ko‘rsatilgan yo‘riqnoma asosida yuzni tasvirga olish talab etiladi.
Jarayon muvaffaqiyatli yakunlangach, ekranda “Tasdiqlandi” belgisi paydo bo‘ladi va telefon raqamini yangi shaxs nomiga o‘tkazish jarayoni yakunlanadi.


08
Xizmat pullikmi?
Ha, xizmat pullik. Narx operatorga qarab quyidagicha farq qiladi:
09
Ariza qachon rad etiladi?
Raqamni qayta rasmiylashtirish xizmati Ucell, Mobiuz, Beeline, Uztelecom va Perfectum operatorlarida quyidagi holatlarda rad etilishi mumkin:
- kerakli hujjatlar yetarli bo‘lmasa yoki ma’lumotlar to‘liq va to‘g‘ri taqdim etilmasa;
- raqamda qarzdorlik yoki blok holati mavjud bo‘lsa;
- raqam MNP xizmati orqali ko‘chirilgan bo‘lsa;
- raqam maxsus toifaga kirsa yoki hali to‘liq bajarilmagan shartnomaviy majburiyatlari bo‘lgan taqdirda.




