Prezidentning chorvachilik tarmog‘i va yaylov xo‘jaligini zamonaviy boshqaruv tizimi va yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish bo‘yicha qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2026−2028-yillarda chorvachilik (go‘sht va sut) mahsulotlarini sanoat usulida qayta ishlash darajasi 50% ga olib chiqiladi.
Nasldor qoramollar ulushi 90% ga yetkazish orqali chorva mollari mahsuldorligi oshiriladi.
Kelgusi yil hosilidan boshlab paxta va boshoqli don joylashtirilishi nazarda tutilgan yer maydonlarining 50% iga ozuqabop ekinlarni joylashtirishga ruxsat etiladi.
2026-yil 1-iyuldan 2030-yilgacha aholi xonadonlarida identifikatsiya qilingan sigirlardan olingan har bir nasldor buzoq uchun subsidiya ajratiladi.
Sunʼiy urug‘lantirish orqali olingan buzoq uchun 500 ming so‘m, embrion ko‘chirib o‘tkazish orqali olinganda esa 700 ming so‘m to‘lanadi.
2026-yil 1-iyundan boshlab 2029-yil 1-yanvargacha xorijdan nasldor qoramol, qo‘y va echkilarni O‘zbekiston hududiga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Soliq qo‘mitasi ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotilganda QQS nol stavkada undiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yangi ro‘yxatini tasdiqlagandi. Undan tirik baliq, qo‘y, sigir, echki va asalarilar o‘rin olgan edi.
Savdo-sanoat palatasida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda biznes jo‘ja importi uchun QQS stavkasini nolga tushirishni taklif qilgandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda foyda, QQS va yer solig‘i tushumlari keskin oshgani haqida yozgandi.