Savdo-sanoat palatasida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda parrandachilik sohasida naslli jo‘jalar importidagi QQS bilan bog‘liq muammolar ko‘tarildi.
Tadbirkorlarning aytishicha, import uchun to‘langan QQS mablag‘lari qaytarilmasdan, keyingi partiyalar hisobiga o‘tkazib yuborilmoqda. Bu esa korxonalarning aylanma mablag‘lariga salbiy ta‘sir qilmoqda.
“Biz Vengriyadan jo‘ja olib kelamiz. QQSni biz to‘laymiz, lekin bu QQS qaytarilmaydi. Aytishadiki, keyingi partiya kelishiga o‘tkazib yuboriladi. Bir yilda ikki marta olib kirsak, pulimiz muzlatib qo‘yiladi”, — dedi tadbirkorlardan biri.
Biznes vakillarining taʼkidlashicha, QQS uchun mablag‘ yig‘ishning o‘zi ham korxonalarga qo‘shimcha moliyaviy bosim yaratmoqda.
Shu munosabat bilan tadbirkorlar naslli jo‘jalar importi bo‘yicha QQSni qaytarish mexanizmi o‘rniga ushbu yo‘nalishda QQS stavkasini 0% etib belgilashni taklif qildi.
Muhokama davomida mas‘ullar TIF TN va IKPU kodlarini birxillashtirish bo‘yicha integratsiya jarayoni yakunlanganini ma‘lum qildi.
O‘zbekistonda tirik baliq, qo‘y, sigir, echki va asalarilar uchun QQS bekor qilingan edi.
Spot, avvalroq, tadbirkorlar elektr uzilishlari uchun tarmoq korxonalarini javobgarlikka tortishni so‘rayotgani haqida yozgandi.