Tadbirkorlar elektr taʼminotidagi uzilishlar uchun tarmoq korxonalarining moddiy javobgarligini belgilashni taklif qildi. Bu haqda biznes vakillari Savdo-sanoat palatasida o‘tkazilgan uchrashuvda taʼkidladi.

Taʼkidlanishicha, ishlab chiqaruvchi korxonalarda elektr energiyasining sababsiz va ogohlantirishsiz o‘chirilishi ish jarayoni to‘xtab qolishiga olib kelmoqda.

“Hozirgi korxonamda 540 ta xotin-qizni ish bilan ta‘minlab qo‘yganmiz. Har bitta daqiqasi pul. Ertaga u mendan keyin oylik talab qiladi. ‘Qani pulim?‘ deydi, ‘Nimaga oyligim kam?‘ deydi. Shahar elektr tarmoqlarining javobgarligi yo‘q. Sababsiz o‘chirib qo‘ygan elektr energiyasi uchun tadbirkor zararda turibdi. Uning zararini kim qoplaydi?”, — dedi qashqadaryolik tadbirkorlardan biri.

Uning aytishicha, elektr taʼminoti korxonalari bilan tuzilgan shartnomalarda yetkazib beruvchining javobgarligi aniq belgilanmagan.

Shu munosabat bilan tadbirkorlar elektr tarmoqlari korxonalarining uzilishlar uchun moddiy javobgarligini belgilash, yetkazilgan zararni qoplash mexanizmlarini shartnomalarda aniq ko‘rsatish hamda taʼmirlash va profilaktika ishlarini ishlab chiqarish jarayoniga xalaqit bermaydigan vaqtda amalga oshirishni taklif qildi.

Bundan tashqari, qarzdorligi yo‘q va intizomli tadbirkorlar uchun imtiyozli tarif yoki subsidiyalar joriy etish masalasi ham ko‘tarildi.

Tadbirkorlar fikricha, barqaror elektr taʼminoti ishlab chiqarish hajmi, eksport va ish o‘rinlarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ishlab chiqaruvchilarni infratuzilma bilan ta‘minlash masalasi bo‘lmasligi kerakni taʼkidladi.

“Bu masalani uch yildan buyon Biznes-ombudsman bilan kiritib kelamiz. Va albatta, jazo qo‘llash [amaliyotini joriy etish] kerak deb o‘ylayman. Bu ham asosiy muammolardan biri”, — dedi palata raisi.

Biznes-ombudsman o‘rinbosari Jamshid Urunov bu masala nafaqat eksportchilar, balki barcha ishlab chiqaruvchilarni qiynab kelayotganini qo‘shimcha qildi. Davron Vahobov esa taklif o‘rinli ekanini ta‘kidlab, uni kiritishga va‘da berdi.

Biznes elektr energiyasidagi uzilishlar

Spot o‘tgan yili iyul oyi boshida tadbirkorlar bilan tariflar oshganidan keyin elektr energiyasini yetkazib berish qanday o‘zgargani va uning uzluksizligini ta‘minlash uchun biznes nimalarga tayyorligi borasida suhbatlashgan edi.

Unda ChayKoff qahvaxonalar tarmog‘i va Moloko qahvaxonasining boshqaruvchi hamkori Alina Simerman eng ko‘p uchraydigan muammo — rejalashtirilmagan o‘chirishlar ekanligini aytgandi.

O‘sha oyda Biznes-ombudsman o‘rinbosari Jamshid Urunov O‘zbekistonda elektr ta‘minotidagi uzilishlar tufayli biznesga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha taklif ishlab chiqilayotganini maʼlum qilgandi.

14-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan umumiy ovqatlanish va savdo sohasi vakillari bilan tashkil etilgian ochiq muloqotda tadbirkorlar elektr ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha zararni qoplash mexanizmini joriy etish hamda Hududiy elektr tarmoqlari’ning javobgarligini kuchaytirishni taklif qilgandi.

28-iyul kuni esa Biznes-ombudsman o‘rinbosari Jamshid Urunov Spot bilan suhbatda elektr energiyasi uzilishi zarar yetkazgan bo‘lsa, tadbirkorlar yoki fuqarolar kompensatsiya olish uchun sudga murojaat qilishlari mumkinligini tushuntirgan edi.

Urunov elektr ta’minotidagi uzilishlar haqida biznesni majburiy xabardor qilish taklifi bu yil ham, o‘tgan yildagi kabi, kiritilganini ta’kidlagandi.


Spot, avvalroq 1-iyundan O‘zbekistonda elektr va gaz tariflari oshishi haqida yozgandi.