Meta’da so‘nggi yillardagi eng yirik qisqartirishlar to‘lqini avjida, foydalanuvchilar e’tiborini Mark Sukerberg bilan bog‘liq g‘ayrioddiy bir vakansiya e’loni o‘ziga tortdi.

Kompaniya butun dunyo bo‘ylab minglab xodimlarini ishdan bo‘shatayotgan bir paytda, uning oilaviy idorasi Gavayidagi qo‘rg‘onida ishlash uchun suv qutqaruvchisini qidirmoqda.

Qayd etilishicha, vakansiyani Sukerberglarning oilaviy aktivlarini boshqaruvchi West 10 kompaniyasi e’lon qildi.

Qutqaruvchining vazifalariga plyaj va hovuzda xavfsizlikni ta’minlash, mehmonlarga sapserfing, kanoeda eshkak eshish va snorkeling bilan shug‘ullanishda yordam berish, shuningdek, qayiqda matros bo‘lib ishlash kiradi.

Shu bilan birga, Meta kompaniyasi xodimlarining taxminan 10%ini qamrab oladigan navbatdagi global qisqartirishlar bosqichini o‘tkazmoqda.

Bu qisqartirishlar biznesni sun’iy intellekt atrofida keng miqyosda qayta tuzish bilan bog‘liq.

Sukerbergning o‘zi xodimlarga yo‘llagan murojaatida ishdan bo‘shatishlar “butun og‘irligini his qilayotganini” tan oldi va ularni bu yil boshqa ommaviy qisqartirishlar rejalashtirilmaganiga ishontirdi.

Ommaviy ishdan bo‘shatishlar va milliarderning xususiy yeri uchun xodimlar qidirilayotgani orasidagi ziddiyat ijtimoiy tarmoqlarda memlar va tanqidlar to‘lqinini keltirib chiqardi.

Foydalanuvchilar texnologiya sanoatining eng boy top-menejerlaridan birining korporativ transformatsiyasi va shaxsiy kadr ehtiyojlari o‘rtasidagi tafovutga e’tibor qaratmoqda.


Avvalroq Spot Meta Mark Sukerbergning sun’iy intellekt egizagini ishlab chiqayotgani haqida yozgandi.

Xodimlar bilan muloqot qilish uchun avatarga uning imo-ishoralari, so‘zlashish uslubi va ommaviy chiqishlari o‘rgatiladi.