Meta Mark Sukerbergning real vaqt rejimida muloqot qilish mumkin bo‘lgan sun’iy intellektga asoslangan “qiyofadosh"larni yaratish loyihasi ustida ishlamoqda.

Qayd etilishicha, loyiha kompaniyaning “shaxsiy superintellekt"ni ishlab chiqish strategiyasining bir qismidir, deb yozadi FT o‘z manbalariga tayanib.

Manbalarga ko‘ra, yaqindan beri Mark Sukerbergning qiyofadoshini yaratishga “ustuvor” ahamiyat qaratila boshlagan.

Suhbatdoshlardan birining ta’kidlashicha, Meta rahbari o‘zining o‘rniga xodimlar bilan muloqot qila oladigan “3D-avatari"ni o‘rgatish va sinovdan o‘tkazishda shaxsan ishtirok etmoqda.

Qiyofadosh nutq uslubi va o‘ziga xos imo-ishoralarni hisobga olgan holda ovoz yozuvlari va fotosuratlar asosida o‘rgatilmoqda.

Ma’lumotlar to‘plami xodimlarning kompaniya asoschisi bilan “yanada yaqinroq aloqa"ni his qilishi uchun Sukerbergning ommaviy chiqishlari va “joriy qarashlari"ni o‘z ichiga oladi.

Ushbu ishlanma dastlabki bosqichda bo‘lib, u bosh direktorning ishiga yordam beradigan shaxsiy sun’iy intellekt agentini yaratish loyihasiga aloqador emas, deb qayd etadi nashr manbalari.

2023-yilda kompaniya Meta AI xizmatini ishga tushirgan edi. Bu servis, jumladan, mashhurlarning “shaxsiyati"ga ega bir nechta chat-botni o‘z ichiga oladi.

Shundan so‘ng kompaniya shaxsiy sun’iy intellekt personajlarini yaratish imkonini beruvchi AI Studio’ni taqdim etdi.


Avvalroq Spot QSHning Indianapolis shahrida faoliyat yurituvchi bankrotlik bo‘yicha advokat Mark Stiven Sukerberg Meta’ni sudga bergani haqida yozgandi.

Da’voda uning Facebook sahifalari kompaniya asoschisiga “taqlid” bahonasida asossiz o‘chirilib, bu mijozlar va obro‘siga zarar yetkazgani ta’kidlangan.