Konlarda qazib olish hajmining pasaygani uchun Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi direktori va bosh geologiga hayfsan e‘lon qilindi. Bu haqda O‘zbekneftgaz matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisi Abdulg‘ani Sanginov rahbarligida Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida yig‘ilish o‘tkazilib, unda tabiiy gaz qazib olishning joriy ko‘rsatkichlari, hajmning pasayishi bilan bog‘liq muammolar va ularni bartaraf etish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.

Bir qator konlarda qatlam va quduq boshidagi bosimning pasayishi bilan bog‘liq bo‘lgan tabiiy qazib olish hajmining kamayishi kuzatilmoqda. Bu yil 10 dan ortiq avariyaviy to‘xtalish qayd etildi — mas‘ullarga nazoratni kuchaytirish va bunday holatlar takrorlanishining oldini olish topshirildi.

Shuningdek, geologik-texnik ishlarni kengaytirish, qazib olishni tiklash va samaradorlikni oshirish dasturi ishlab chiqiladi. Shu bilan birga, mavjud quduqlarda ta‘mirlash va burg‘ilash ishlarini jadallashtirish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda yanvar oyida tashqi operatorni jalb qilmasdan, 21 ta konni o‘z kuchlari bilan o‘zlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilingani alohida ta‘kidlandi. Ushbu yondashuv doirasida 9 ta obyektda burg‘ilash ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, ulardan 5 tasi allaqachon yakunlanib, foydalanishga topshirilgan.

Bundan tashqari, 2026-yilga mo‘ljallangan ishlab chiqarish rejalari ko‘rib chiqildi: 9 ta yangi quduqni burg‘ilash va 27 ta quduqni ta‘mirlash hisobiga sutkalik gaz qazib olish hajmini 1,4 mln kub metrga oshirish rejalashtirilmoqda.

Joriy yilning yanvar-may oylarida 5 ta quduqning ishga tushirilishi va 15 tasining ta‘mirlanishi evaziga sutkasiga 908 ming kub metr hajmda o‘sishga erishildi.

Bundan tashqari, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tasarrufidagi 461 ta quduqning holati tahlil qilindi va ularning 45% i ta‘mirlash yoki tiklashni talab etishi aniqlandi. Shu munosabat bilan qo‘shimcha 10 ta quduqda ta‘mirlash ishlarini olib borish hisobiga sutkalik qazib olish hajmini yana 250 ming kub metrga oshirish vazifasi yuklatildi.

Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, qazib olishning tabiiy pasayishining oldini olish bo‘yicha yetarli chora ko‘rmagani uchun Doyaxotin koni boshlig‘i lavozimidan ozod etildi, boshqarma direktori va bosh geologiga esa hayfsan e‘lon qilindi.

Shuningdek, kompressor stansiyalarining barqaror ishlashi, elektr tarmoqlari infratuzilmasini rivojlantirish hamda quduq boshidagi kompressor qurilmalari uchun elektr uzatish liniyalari qurilishini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Condor Energy kompaniyasi o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmagani alohida tanqid qilindi va shu sababli konlardagi ishlarning bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.

Spot, avvalroq, Behzod Normatov prezidentning yoqilg‘i-energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangani haqida yozgandi.