Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishi bo‘yicha prognozni oshirdi, biroq inflyatsiya bo‘yicha kutilmalarni yomonlashtirdi. Bu haqda missiya yakunlari bo‘yicha xodimlarning bayonotida aytilgan.

Qayd etilishicha, 2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti “ta'sirchan barqarorlik"ni namoyish etdi. Iste’mol va investitsiyalar yuqori sur’atlarda o‘sgani hisobiga real YIM o‘sishi 7,7% ga yetdi, ishsizlik darajasi esa 5,5% dan 4,8% ga tushdi. O‘sish keng ko‘lamli bo‘lib, eng yuqori sur’atlar xizmatlar sohasi va qurilishda kuzatildi.

Yuqori ichki talabga qaramay, 2025-yil oxiriga kelib iste’mol narxlari indeksi bo‘yicha umumiy inflyatsiya 7,3% gacha sekinlashdi (2024-yilda — 9,8%). Bunga 2024-yil may oyida energiya resurslari narxining oshishi ta’sirining pasayishi, so‘mning AQSH dollariga nisbatan 6,9% ga mustahkamlanishi va qat’iy pul-kredit siyosati sabab bo‘ldi. Shu davrda bazaviy inflyatsiya ham 1,5 foiz punktga kamaydi.

Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi YIMga nisbatan 3,9% gacha qisqardi. Bunga xomashyo va xomashyo bo‘lmagan tovarlar eksporti, shuningdek pul o‘tkazmalari hajmi importdan yuqori bo‘lgani sabab bo‘ldi. Xalqaro zaxiralar taxminan 13 oylik importni qoplay oladigan darajada yetarli bo‘lib qolmoqda. Iqtisodiy faollikning yuqori sur’atlari va xomashyo narxlarining yuqoriligi budjet taqchilligini YIMga nisbatan 2,1% gacha kamaytirishga yordam berdi, bu esa 3% lik maqsadli ko‘rsatkichdan pastdir.

2026-yil uchun prognoz

XVJga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi urush sabab global iqtisodiyotda noaniqliklar kuchayayotganiga qaramay, rivojlanish istiqbollari ijobiyligicha qolmoqda. Yuqori chastotali indikatorlar birinchi chorakda iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanib qolganini ko‘rsatmoqda.

Davom etayotgan islohotlar, barqaror investitsiya sur’atlari, yuqori pul o‘tkazmalari va oltin narxlarining o‘sishi hisobiga 2026-yilda real YIM 6,8% ga o‘sishi kutilmoqda (avvalgi prognoz — 6,2%). Ichki talab asta-sekin pasayib borishi fonida 2027-yilda o‘sish sur’atlari mo‘tadil darajaga — taxminan 6% ga tushadi.

Prognozga ko‘ra, 2026-yilda joriy hisob taqchilligi qisqarishda davom etadi, 2027-yilda esa pul o‘tkazmalari oqimining sekinlashuvi va oltin narxlari o‘sishining mo‘tadillashuvi fonida biroz oshadi.

Kutilishicha, 2026-yilda inflyatsiya Markaziy bankning 5%lik maqsadli ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lib qoladi — 6,8% (ilgari — 6,5%), 2027-yilda esa 5% ga tushadi. Bunga qisman Yaqin Sharqdagi urush tufayli neftning jahon narxlari yuqoriligi ta’sir qiladi. Shu bilan birga, uning salbiy ta’siri “tartibga solinadigan narxlarning sekinroq oshirilishi” va transport sohasiga vaqtinchalik subsidiyalar hisobiga yumshatilishi kutilmoqda. Inflyatsiya qat’iy pul-kredit siyosati, tarkibiy islohotlarning davom ettirilishi va neft narxlarining pasayishi hisobiga 2027-yilda Markaziy bank maqsadiga yetishi prognoz qilinmoqda.

xvj, inflyatsiya

Xatarlar

Jamg‘arma noaniqlik darajasi yuqoriligicha qolayotganini, shu bilan birga, rivojlanish istiqbollarining yomonlashishi xatarlari saqlanib qolayotganini va ijobiy kutilmalar uchun imkoniyatlar cheklanganini ta’kidladi.

“Yaqin Sharqdagi urush oqibatlari uning davomiyligi va intensivligiga bog‘liq bo‘ladi. Urush ta’siriga uchragan mamlakatlar bilan savdo hajmi va ushbu mamlakatlardan pul o‘tkazmalarining nisbatan cheklanganligini hisobga olgan holda, O‘zbekistonga bevosita ta’sir cheklangan bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, global konyunkturaning yomonlashuvi asosiy savdo hamkorlariga ta’sir qilsa, bilvosita kanallar sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, — deyiladi bayonotda.

Ushbu fonda tashqi xatarlar, birinchi navbatda, geosiyosiy keskinlikning yuqori darajasi, savdodagi uzilishlar, xomashyo narxlarining o‘zgaruvchanligi va jahon iqtisodiyoti rivojlanish istiqbollarining noaniqligi bilan bog‘liq.

Ichki xatarlar qatoriga xarajatlarning davriyligi hamda direktiv va imtiyozli kreditlash dasturlari orqali talabni rag‘batlantirish uchun bosim, davlat korxonalari, davlat tijorat banklari va davlat-xususiy sheriklik faoliyati bilan bog‘liq balanslarning potensial yomonlashuvi va shartli majburiyatlarning mavjudligi kiradi.

Imkoniyatlar nuqtayi nazaridan, tarkibiy islohotlarni jadal amalga oshirish rivojlanish istiqbollarini yanada qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Kapital oqimi va pul o‘tkazmalarining ko‘payishi yoki oltinning yuqori narxlari hisobiga o‘sish imkoniyatlari, ularning hozirgi qulay darajalarini hisobga olgan holda, cheklanganroq ko‘rinadi, deya xulosa qildi XVJ.

Avvalroq Spot Toshkent va uning atrofidagi issiqxonalarda gaz ta’minoti to‘xtatilishi haqida yozgan edi.