Prezidentning sel-toshqin suvlaridan samarali foydalanish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Hujjat Lex.uz portalida e‘lon qilindi.
2027−2030-yillar davomida Toshkent, Samarqand va Jizzax viloyatlarida beshta sel-suv ombori qurilishi rejalashtirilgan:
- Oqsoqotasoy (Bo‘stonliq tumani);
- Tangatopdisoy (Baxmal tumani);
- Oqtepasoy (Qo‘shrabot tumani);
- G‘ijduvonsoy va Choshtepasoy (Urgut tumani).
Yangi suv omborlarining umumiy hajmi 38 mln kub metrni tashkil etadi. Qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 997 mlrd so‘mga baholanmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi suv omborlari Samarqand viloyatida 7 ming gektar, Toshkent viloyatida 2 ming gektar va Jizzax viloyatida 300 gektar yerning suv ta‘minotini yaxshilashi lozim. Shuningdek, ularni barpo etish hisobidan 3600 gektar yangi yerlarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan.
Ikkita suv ombori — Oqsoqotasoy va Tangatopdisoy — davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy investitsiyalarni jalb etgan holda quriladi. Obyektlarning loyiha ishlarini moliyalashtirish Agrobank zimmasiga yuklatilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Oqsoqotasoy loyihasiga 275 mlrd so‘m, Tangatopdisoyga esa 202 mlrd so‘m sarmoya kiritiladi. Qurilish yakunlangach, har ikki obyekt foydalanish va resurslarni boshqarish uchun Suv xo‘jaligi vazirligiga bepul topshiriladi.
Xususiy sheriklar suv omborlarining muhofaza zonalarida 49 yil muddatga, keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan turistik-rekreatsion zonalar tashkil etish huquqini qo‘lga kiritadi. Shuningdek, ularga suv havzalarining o‘zida baliqchilik xo‘jaliklarini tashkil etishga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, qarorda kichik suv zaxiralarini yaratish mumkin bo‘lgan 60 ta hudud qayd etilgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda ushbu obyektlarning iqtisodiy samaradorligi va qurilish muddatlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Spot, avvalroq, Tojikiston, O‘zbekiston va Qozog‘iston “Bahri Tojik” suv omborining ish rejimini kelishib olgani haqida yozgandi.