Shavkat Mirziyoyev 29-may kuni Ostona shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari ittifoq bilan sheriklikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan o‘z nuqtayi nazarini bayon qildi.
O‘zbekiston va birlashma davlatlari o‘rtasida to‘siqlarsiz savdoning yagona raqamli makonini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Bunda elektron tijoratni tartibga solish borasidagi yondashuvlarni muvofiqlashtirish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya nazorati sohalarida raqamli maʼlumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlash hamda elektron hujjatlarni bosqichma-bosqich o‘zaro tan olish muhimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, raqamli tranzitni joriy etish, kuzatuv tizimlariga ulanish hamda o‘tkazish punktlarini modernizatsiya qilish orqali “aqlli” transport-bojxona yo‘laklarini yaratish ishlariga kirishish taklifi bildirildi.
Ishbilarmon doiralarning ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologik sheriklik va yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga qiziqishi ortib borayotganini joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan INNOPROM. Markaziy Osiyo VI xalqaro sanoat ko‘rgazmasi tasdiqladi.
O‘zbekiston va YOII mamlakatlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi dasturini tayyorlashda mazkur ko‘rgazma salohiyatidan foydalanish taklif qilindi.
Sanoat avtomatizatsiyasi va robototexnika, energetika uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish, suv tejovchi texnologiyalar, zamonaviy qurilish materiallari va boshqa sohalar istiqbolli yo‘nalishlar qatorida qayd etildi.




Davlat rahbari O‘zbekiston kooperatsiya bo‘yicha “yagona darcha” formatida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlikda sheriklarni tanlaydigan, erkin sanoat zonalar negizida tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydigan, moliyalashtirishni jalb etishga ko‘maklashadigan qo‘shma loyiha ofisini ochishga tayyorligini bildirdi.
“YOII davlatlaridan keladigan yuqori texnologiyali rezidentlar uchun qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi sharoitlarni ishlab chiqishga tayyormiz”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.
Energiya samaradorligini oshirish, toza texnologiyalarni joriy etish va mahsulotlarning uglerod sig‘imini kamaytirishga qaratilgan Sanoatni “yashil” transformatsiya qilish qo‘shma dasturini qabul qilish bo‘yicha taklif ham ilgari surildi.
Qo‘shma “yashil” loyihalar portfelini shakllantirish, moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini rivojlantirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini qo‘llash orqali sanoatning ustuvor tarmoqlarini modernizatsiya qilish amaliy chora-tadbirlar sifatida dasturdan o‘rin olishi mumkin.
“Bu endilikda mamlakatlarimiz uchun nafaqat ekologik kun tartibidagi masala, balki sanoatning uzoq muddatli raqobatdoshligini taʼminlaydigan muhim omilga aylanmoqda”, — dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Mazkur sohadagi hamkorlikni milliy elektron bandlik xizmatlarini integratsiya qilish orqali sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Bu fuqarolarning ishonchli bo‘sh ish o‘rinlari, ishga joylashish shartlari hamda migratsiya qonunchiligi normalari haqidagi maʼlumotlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanishini taʼminlaydigan qulay va yaxlit raqamli muhitni shakllantirishni nazarda tutadi.




Turizm sohasida O‘zbekiston tomonidan “Markaziy Osiyo turistik halqasi” tashabbusi ilgari surilgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan davlat rahbari YOII davlatlarini mazkur turizm yo‘nalishini ommabop raqamli platformalarda birgalikda ilgari surishga qo‘shilishga taklif qildi.
Yakunda prezident O‘zbekistonning YOII ko‘p tomonlama dasturlari va loyihalaridagi ishtiroki o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlash hamda mamlakatlarning barqaror rivojlanishini taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidladi.
Spot, avvalroq, Abdulla Aripov YOIIga oziq-ovqat yetkazib berish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqishni tezlashtirishga chaqirgani haqida yozgandi.







