O‘zbekiston va Gonkong Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitimni (BIT) imzolashga tayyorlamoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.

Vazir o‘rinbosari Ilzat Kasimov Gonkong Maxsus ma‘muriy hududi Adliya kotibi Pol Lam boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Tomonlar investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, moliya va yuridik sohalardagi aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Toshkent xalqaro moliya markazini rivojlantirish masalalariga alohida e‘tibor qaratildi. O‘zbekiston markazning xalqaro moliyaviy infratuzilmasini shakllantirishda Gonkong tajribasi va ekspertlik salohiyatidan foydalanish, shuningdek, yetakchi moliyaviy, investitsiyaviy va yuridik kompaniyalarni jalb etishni rejalashtirmoqda.

Muzokaralarning muhim qismlaridan biri BIT hamda investitsiya va moliya sohalaridagi boshqa bitimlarni tayyorlash bo‘ldi.

Vazirlikka ko‘ra, ularning amalga oshirilishi investorlar uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratishi, biznes yuritish sharoitlarini yaxshilashi va o‘zaro investitsiyalar hajmini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Gonkong delegatsiyasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida ham muzokaralar o‘tkazdi. Vazir o‘rinbosari Umid Abidxadjayev va Pol Lam moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish, investitsiyalarni jalb etish va ustuvor loyihalarni moliyalashtirish masalalarini muhokama qildi.

Tomonlar Gonkongning xalqaro moliya sohasidagi tajribasi va moliyaviy instrumentlardan kengroq foydalanish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi. Shuningdek, turizm, ta‘lim va sun‘iy intellekt sohalarida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.

Adliya vazirligida o‘tkazilgan uchrashuvda qonun ijodkorligi, huquqiy xizmatlar, adliya tizimini raqamlashtirish va mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

adliya vazirligi, gongkong, huquq, investitsiya, investitsiyalar sanoat va savdo vazirligi, iqtisodiyot va moliya vazirligi, moliya

Alohida e‘tibor xalqaro arbitraj va nizolarni muqobil hal etish masalalariga qaratildi. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Adliya vazirligi va Gonkong Adliya departamenti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Hujjat tajriba va ekspertlar almashinuvi, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

Spot, avvalroq, Centrum Air Toshkentdan Haydarobodga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.