Toshkent va Hindistonning Haydarobod shahri o‘rtasida 28-sentabrdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.

Toshkent−Haydarobod−Toshkent yo‘nalishidagi reyslar Centrum Air aviakompaniyasi tomonidan haftasiga ikki marta — dushanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi.

Qo‘mitaga ko‘ra, yangi yo‘nalish Janubiy Hindistondan sayyohlarning Toshkentga kelish imkoniyatlarini kengaytirib, ikki mamlakat o‘rtasidagi sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qiladi.

Haydarobod Telangana shtatining poytaxti va Hindistonning yirik texnologik markazlaridan biri bo‘lib, aholisi 10 mln nafardan ortiq.

Gazeta Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulovning O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusiga tayanib, mamlakat Hindistondan sayyohlar oqimini oshirishni rejalashtirayotganini yozdi.

Bunda asosiy e‘tibor bolali oilalar va oilaviy turizmga qaratiladi. Akkulov ayni paytda taniqli hindistonlik bloger va inflyuenserlar bilan O‘zbekistonni xavfsiz sayyohlik yo‘nalishi sifatida targ‘ib qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini maʼlum qilgan.

Shuningdek, qo‘mita Hindistonning yirik turoperatorlari bilan ham ishlamoqda. Oktabr oyida ular uchun O‘zbekistonning tarixiy shaharlari bo‘ylab infotur va mahalliy turoperatorlar bilan B2B uchrashuvlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston Hindiston fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilgani haiqda yozgandi.