3-sentabr kuni Toshkentdagi Glinka ko‘chasida asfalt o‘pirilib tushgan edi. Hodisa oqibatida bir kishi yengil tan jarohati olib, ko‘chada transport harakati vaqtincha to‘xtatilgandi.

4-sentabr kuni poytaxt hokimligi Glinka ko‘chasida sodir bo‘lgan avariya bo‘yicha ma‘lumotlarni taqdim etdi.

Unga ko‘ra, diametri 219 mm bo‘lgan yerosti gaz quvuridan sizib chiqqan gaz issiqlik tarmog‘i kamerasida to‘planib, avariya holatini yuzaga keltirgan.

Tekshiruv davomida gaz quvurining taxminan 375 kv. sm (15×25 sm) maydonida bir nechta joydan gaz sizib chiqayotgani aniqlangan.

Ayni paytda mutaxassislar hodisa sabablari va tafsilotlarini o‘rganmoqda. Tekshiruv yakunlangach, yo‘l qoplamasini tiklash ishlari davom ettirilib, yaqin vaqt ichida yo‘l transport harakati uchun ochiladi.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov yakunlariga ko‘ra, aybdor shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi.

Spot, avvalroq, Toshkentning Shahrisabz ko‘chasidagi BRT yo‘lagining birinchi bosqichi foydalanishga topshirilgani haqida yozgandi.