Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi Glinka ko‘chasida yuqori bosimli quvur yorilgani haqida xabarlar tarqaldi. Veolia Energy Tashkent holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Kompaniya ma‘lumotiga ko‘ra, hodisa joyiga avariya-tiklash brigadasi va mutaxassislar zudlik bilan yetib borgan.

Hozirda hodisaning barcha tafsilotlari hamda o‘pirilish sabablari o‘rganilmoqda. Ayni paytda hech qanday sizib chiqish holati aniqlanmagan.

Hodisa sabablari va ko‘rilayotgan choralar bo‘yicha qo‘shimcha ma‘lumot tezkor tekshiruv natijalariga ko‘ra taqdim etiladi.

Toshkent shahar hokimligi Glinka ko‘chasida yo‘l qoplamasining bir qismi shikastlanganini maʼlum qildi.

Hodisa oqibatida bir kishi yengil tan jarohati olib, unga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ayni paytda Glinka ko‘chasida transport vositalari harakati vaqtincha to‘xtatilgan.

Hodisa joyida mutasaddi tashkilotlar va soha mutaxassislari uning sabablarini aniqlash, oqibatlarini bartaraf etish hamda shikastlangan qismni tiklash bo‘yicha ish olib bormoqda.

Hokimlik vaziyat nazoratga olinganini bildirib, tekshirilgan va tasdiqlangan qo‘shimcha ma‘lumotlar jamoatchilikka taqdim etilishini qayd etdi.

Hududgaz Poytaxt esa hududdan yuqori bosimli gaz quvuri o‘tmasligi, hodisa gaz tarmoqlari bilan bog‘liq emasligi va gaz sizib chiqishi aniqlanmaganini ma‘lum qildi.

Toshkent shahar suv ta‘minoti esa avariya ichimlik suvi tarmoqlariga tegishli emasligi va hodisa issiq suv ta‘minoti tarmog‘ida yuz berganini bildirdi.

Spot, avvalroq, Toshkentda 4,36 gektarlik onkologiya markazi o‘rnida Yoshlar shaharchasi va bog‘ tashkil etilishi haqida yozgandi.