Toshkent shahar onkologiya markazining 4,36 gektarlik hududida ochiq yashil bog‘ tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.
Loyiha Yashil shahar konsepsiyasi doirasida amalga oshiriladi. Markaz binolari bo‘shatilgach, hududning asosiy qismi barcha shaharliklar uchun ochiq yashil bog‘ga aylantiriladi.
Hokimlikning qayd etishicha, Yoshlar shaharchasi bog‘ o‘rnini egallamaydi va uning hududini qisqartirmaydi.
O‘quv va ijodiy markazlar, kutubxona, kovorking maydonlari, simulyatsiya ustaxonalari hamda startap-studiyalar mavjud binolarga joylashtiriladi.
Binolar saqlab qolinib, rekonstruksiya qilinadi va ijtimoiy maqsadlarga moslashtiriladi. Ularning atrofi obodonlashtirilib, ko‘kalamzorlashtiriladi. Loyiha doirasida alohida biznes-ofislar yoki boshqa tijorat obyektlarini qurish ko‘zda tutilmagan.





Hudud yaqin atrofdagi mahallalar aholisi, yoshlar va barcha shaharliklar uchun ochiq jamoat maskani bo‘lib qoladi.
Prezidentning 27-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan Toshkent shahrini 2026−2027-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"da Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining sobiq Toshkent shahar filiali o‘rnida yoshlar shaharchasini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, shaharchada dual ta‘lim tizimi asosida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy va kelajak kasblariga o‘qitish tashkil etiladi.
Yoshlar shaharchasidagi davlat bino va inshootlari sanoat, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi tadbirkorlarga ijaraga beriladi. Bunda ijarachilar aholi va yoshlarni dual ta‘lim tizimi bo‘yicha o‘qitish majburiyatini o‘z zimmasiga olishi lozim.
Shuningdek, shaharcha hududida yuqori texnologiyali, sanoat-muhandislik va servis zonalari, o‘quv va ijod markazlari, kutubxona, zamonaviy infratuzilmaga ega simulyatsiya ustaxonalari hamda ilg‘or amaliyotlar bazalarini tashkil etish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, yoshlar bog‘i, biznes-ofislar, tadbirkorlik zonasi va startap-studiya yaratish rejalashtirilmoqda.
Dual ta‘limni tashkil etgan tadbirkorlar bilan hamkorlik qilish asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Bu yoshlar shaharchasida ta‘lim olgan aholi va yoshlarning bandligini ta‘minlashi lozim.
Topshiriqlar ijrosi uchun Toshkent shahar hokimligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas‘ul etib belgilandi. Amalga oshirish muddati — 2026-yil dekabr.
Spot, avvalroq, Toshkentda kitob do‘konlari va kafelar imtiyozli shartlarda ochilishi haqida yozgandi.




