Toshkent shahrining gavjum va sayyohlar ko‘p bo‘ladigan ko‘chalarida imtiyozli shartlar asosida kitob do‘konlari va kitob kafelari ochiladi. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umurzakov O‘zAga bergan intervyusida ma‘lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezidentning 27-iyuldagi qarorida kitob va mutolaaga shahar muhitining ajralmas qismi sifatida qaralmoqda. Xususan, poytaxtdagi barcha 585 ta mahallada bosqichma-bosqich mutolaa burchaklari tashkil etiladi. Bundan tashqari, 12 ta tumanning har birida katta interaktiv zamonaviy kutubxona qurish rejalashtirilgan — ular uchun joylar allaqachon aniqlab olingan.

Umurzakovning ta‘kidlashicha, maqsad shunchaki kitob saqlanadigan binolar qurish emas, balki har yili millionlab odamlar o‘zining “ilmiy va ma‘naviy ehtiyojlarini qondirish uchun” tashrif buyuradigan jamoat maskanlarini yaratishdir.

Yirik savdo markazlari uchun alohida talablar belgilangan. Yangi obyektlarda kitob do‘konlari o‘z maydoniga mutanosib ravishda ochilishi kerak bo‘ladi.

“Hatto savdo majmuasiga kirganda ham, insonlar kitobdan uzoqlashmaydi, yangi qurilayotgan yirik savdo markazlarida maydoniga mos kitob do‘kon ochishi majburiy talab sifatida belgilandi”, — deb qayd etdi hokim.

Gavjum va sayyohlar serqatnov ko‘chalarga alohida e‘tibor qaratiladi. Ularda imtiyozli shartlar bilan kitob do‘konlari va kitob kafelari ochiladi.

Xalq orasida “Moviy gumbazlar” nomi bilan mashhur hudud bu yo‘nalishdagi markaziy loyiha bo‘ladi. Bu joy tarixan kitob savdosining markazi bo‘lgan. Endi uni mutolaa madaniyatiga ixtisoslashgan jamoat maskaniga aylantirish rejalashtirilmoqda.

Iyul oyida majmuaning tarixiy qiyofasi to‘liq tiklanishi e‘lon qilingan edi. Loyiha kitobxonlar fikrini inobatga olgan holda va jamoatchilik muhokamasi yakunlariga ko‘ra amalga oshiriladi.

kitob do'koni, kitoblar, moviy gumbaz, shavkat umurzakov, toshkent shahar hokimi, toshkent shahar hokimligi

Shu bilan birga, hokimning fikricha, infratuzilmaning o‘zi kifoya qilmaydi — rag‘batlantirish ham zarur. Shu munosabat bilan shahar hokimligi “Eng yaxshi kitobxon” umumshahar tanlovini ta‘sis etishni rejalashtirmoqda.

“Maqsad bitta — inson qayerda bo‘lmasin, mahallada, tumanda, ko‘chada yoki savdo markazida — kitob unga yaqin bo‘lsin”, — deya qo‘shimcha qiladi hokim.

Umurzakov bu vazifani yashash joyi yaqinida zaruriy obyektlar mavjudligini nazarda tutuvchi 15 daqiqalik shahar konsepsiyasi bilan bog‘ladi.

Spot, avvalroq, Toshkentda birorta ham bozorni yopish yoki uning avvalgi faoliyatini bekor qilish rejalashtirilmayotgani haqida yozgandi.