Apple kompaniyasining yangi bosh direktori Jon Ternusning 2026−2027-moliya yili uchun kompensatsiya paketi ma’lum bo‘ldi. Bu haqd WSJ xabar berdi.

Kompaniya bu ma’lumotlarni AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga (SEC) taqdim etgan hujjatda oshkor qilgan.

Jon Ternus 1-sentabrdan boshlab Tim Kukning o‘rniga Apple bosh direktori lavozimini egalladi.

Ternusning yillik asosiy maoshi $3 mln etib belgilangan. Biroq uning umumiy kompensatsiyasining asosiy qismi aksiyalar ko‘rinishida bo‘ladi. Apple 2027-moliya yili uchun unga maqsadli qiymati $55 mlnlik aksiyalar mukofoti ajratadi. Shunday qilib, asosiy maosh va aksiyalarni hisobga olganda, Ternusning yillik maqsadli kompensatsiyasi $58 mlnni tashkil etadi.

$55 mlnlik aksiyalar mukofotining 75%i Apple aksiyalarining S&P 500 kompaniyalariga nisbatan natijasiga bog‘langan. Ya’ni Apple aksiyalari boshqa yirik kompaniyalarnikiga nisbatan qanchalik yaxshi natija ko‘rsatsa, Ternus oladigan mukofot ham shunga qarab o‘zgaradi. Qolgan 25% aksiyalar esa to‘rt yil davomida bosqichma-bosqich beriladi — har olti oyda 12,5% dan.

Bundan tashqari, Ternusga 2026-moliya yilida CEO sifatida ishlaydigan davri uchun $2,5 mlnlik mutanosib aksiyalar mukofoti ham beriladi. Shu sababli $58 mlnlik ko‘rsatkich uning doimiy yillik maoshi emas, balki asosiy maosh va maqsadli aksiyalar mukofotining yig‘indisi hisoblanadi.

Taqqoslash uchun, Tim Kuk CEO lavozimini tark etib, Apple direktorlar kengashining ijrochi raisi bo‘ldi. Uning yangi yillik maoshi $2 mln, 2027-moliya yili uchun aksiyalar mukofoti esa $45 mln etib belgilangan. Ya’ni Kukning maqsadli yillik kompensatsiyasi $47 mln bo‘ladi.


Avvalroq Spot Apple yangi mahsulotlarining taqdimot sanasi ma’lum bo‘lgani haqida yozgandi.

Yangi mahsulotlar taqdimoti 9-sentabr kuni o‘tkazilib, unda iPhone 18 smartfonlar qatori namoyish etilishi kutilmoqda.

Kukning CEO sifatidagi 2025-yildagi umumiy kompensatsiyasi esa $74,3 mlnni tashkil etgan. Demak, Ternusning yangi paketidagi $58 mlnlik maqsadli kompensatsiya Kukning so‘nggi CEO paketidan pastroq. Biroq Ternus uchun aksiyalarning 75%i kompaniyaning S&P 500ga nisbatan ko‘rsatkichlariga bog‘langan.

Ternus Apple’da 2001-yildan beri ishlaydi. U CEO bo‘lishidan oldin kompaniyaning apparat muhandisligi bo‘yicha katta vitse-prezidenti bo‘lgan va iPhone, iPad hamda Mac kabi mahsulotlarni ishlab chiqish jarayonlarida muhim rol o‘ynagan. Apple uning CEO lavozimiga tayinlanishini 2026-yil aprelida e’lon qilgandi.