Apple bosh direktori Tim Kuk tez orada o‘z lavozimini tark etishini e’lon qildi. Bu haqda uning nomidan korporatsiya saytida e’lon qilingan ochiq maktubda aytiladi.

Kuk yaqin oylarda Apple rahbari lavozimidan voz kechmoqchi va sentabr oyida so‘nggi 15 yil davomida egallab kelgan lavozimini rasman tark etadi. Shu bilan birga, u kompaniyada direktorlar kengashining ijrochi raisi sifatida ishlashni davom ettiradi.

Apple’ning yangi bosh direktori kompaniyada 25 yil ishlagan apparat ishlab chiqish bo‘yicha katta vitse-prezident Jon Ternus bo‘ladi. “U bu rol uchun ideal odam”, — deb ta’kidladi Kuk.

Ternus boshchiligida Apple “aql bovar qilmaydigan cho‘qqilarga” erishadi, deb umid qilmoqda kompaniyaning iste’foga chiqayotgan rahbari.

Shuningdek, u foydalanuvchilarga fikr-mulohazalari uchun minnatdorchilik bildirdi va uning bosh direktor lavozimidan ketishi ular bilan “xayrlashuv” degani emasligini qo‘shimcha qildi.

Jon Ternus 2001-yildan beri Apple’ning mahsulot dizayni bo‘limida ishlagan, 2013-yilda apparat ishlab chiqish bo‘yicha vitse-prezident, 2021-yilda esa katta vitse-prezident bo‘lgan. Uning rahbarligida AirPods, iPad, iPhone, Mac va Apple Watch’ning yangi avlodlari ishlab chiqildi.

Bloomberg sharhlovchisi Mark Gurman Ternusni 2024-yil bahorida Apple rahbari lavozimida Tim Kukning ehtimoliy o‘rinbosarlari qatoriga kiritgan edi.

O‘tgan kuzda bosh operatsion direktor Jeff Uilyams ketganidan so‘ng, Gurmanning fikricha, Ternus bosh direktor lavozimiga asosiy nomzodga aylanadi.

Financial Times noyabr oyida Apple rahbariyatida bosh direktorni almashtirishga tayyorgarlik “jadallashganini” ta’kidlab, Kukning ehtimoliy ketishini “ancha oldin rejalashtirilgan” qadam deb atadi. Nashr kompaniya o‘zgarishlarni 2026-yil yanvar oyida e’lon qilishini taxmin qilgan edi.


Avvalroq Spot Apple narxi $599 dan boshlanadigan MacBook Neo’ni taqdim etgani haqida yozgandi.