Apple yangi mahsulotlarining taqdimot sanasi ma’lum bo‘ldi. Kompaniya har yili o‘tkaziladigan kuzgi taqdimotiga taklifnomalarni yubordi, deb yozadi The Verge.

Tadbir 2026-yil 9-sentabrga rejalashtirilgan. Taqdimot Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi.

MacRumors jurnalistlari Apple tadbirda iPhone 18 Pro, iPhone 18 Pro Max hamda kompaniyaning ilk buklanadigan iPhone’ini taqdim etishini kutmoqda.

Taqdim qilinishi kutilayotgan so‘nggi qurilma haqidagi mish-mishlar kamida 2024-yildan beri tarqalib kelmoqda.

Nashrlar bazaviy iPhone 18'ni faqat 2027-yilda, ehtimol iPhone 18e va iPhone Air’ning ikkinchi avlodi bilan birga taqdim etilishini kutmoqda.

Sentabr oyidagi tadbir apparat ishlab chiqish bo‘yicha katta vitse-prezident Jon Ternus uchun Apple bosh direktori sifatidagi ilk taqdimot bo‘ladi.

U 2026-yil 1-sentabrdan rasman lavozimga kirishadi va Tim Kukning o‘rnini egallaydi. Kuk esa kompaniya direktorlar kengashining ijrochi raisi bo‘ladi.


Avvalroq Spot iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max taqdimotdan keyingi dastlabki davrda cheklangan miqdorda sotuvga chiqishi mumkinligi haqida yozgandi.