iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max taqdimotdan keyingi dastlabki davrda cheklangan miqdorda sotuvga chiqishi mumkin. Bu haqda 9to5Mac xabar berdi.

Qayd etilishicha, bunga asosiy sabab sifatida DRAM, ya’ni tezkor xotira chiplarining taqchilligi ko‘rsatilmoqda.

Nashrga ko‘ra, iPhone 18 Pro’da Apple’ning yangi A20 Pro chipi qo‘llanadi. U TSMC’ning 2 nanometrli texnologiyasi asosida ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

A20 Pro chiplarini ishlab chiqarish jarayoni yaxshi ketayotgan bo‘lsa-da, ularni DRAM xotirasi bilan birlashtirishda muammo yuzaga kelgan.

Manbada TSMC omborlarida qiymati taxminan $1 mlrdik Apple protsessorlari DRAM yetkazib berilishini kutayotgani aytiladi. Shu sababli tayyor chiplarni yakuniy yig‘ish jarayoni sekinlashishi mumkin.

Bu holat iPhone 18 Pro sotuvga chiqarilmaydi degani emas. Biroq dastlabki haftalarda talabni to‘liq qondirish qiyinlashishi, onlayn buyurtmalarda yetkazib berish muddati uzayishi va ayrim do‘konlarda qurilmalar tez tugab qolishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, vaziyatni iPhone 18 seriyasining chiqarilish strategiyasi ham murakkablashtirishi mumkin. Kutilayotgan rejaga ko‘ra, iPhone 18 Pro va Pro Max 2026-yil kuzida taqdim etiladi, oddiy iPhone 18 esa 2027-yil boshida chiqariladi. Shu sababli kuzgi sotuvlarda asosiy e’tibor Pro modellarga qaratilishi va ularga talab yuqori bo‘lishi mumkin.

Hozircha Apple bu ma’lumotlarni rasman tasdiqlamagan. Shuning uchun iPhone 18 Pro’ning dastlabki davrdagi taqchilligi haqidagi xabarni ta’minot zanjiriga oid prognoz sifatida qabul qilish kerak.


Avvalroq Spot Apple iPhone 20 Pro Max uchun 7 dyuymli ekranni sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgandi.