Yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonda to‘rt oyda 1263 731 ta yengil avtomobil ishlab chiqarildi, deya xabar berdi Milliy statistika qo‘mitasi.
2025-yilning shu davriga nisbatan ishlab chiqarish hajmi 22 622 taga yoki 9,4% ga ko‘paygan.
Yengil avtomobillar orasida eng katta ishlab chiqarish hajmi Cobalt modeliga to‘g‘ri kelgan. Yanvar-iyul oylarida 91 140 dona Cobalt ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 83 167 donaga nisbatan 7 973 taga yoki 9,6%ga ko‘p.
Ikkinchi o‘rinda Damas bo‘lib, 47 521 dona ishlab chiqarilgan. Biroq uning ishlab chiqarish hajmi bir yil ichida 4066 taga yoki 7,9% ga kamaygan. 2025-yilning yanvar-iyul oylarida 51 587 dona Damas ishlab chiqarilgan edi.
Tracker ishlab chiqarishi ham pasaygan. Ushbu modeldan 25 779 dona ishlab chiqarilib, yillik ko‘rsatkich 606 taga yoki 2,3% ga kamaygan.
Onix ishlab chiqarish hajmi 18 734 donadan 20 445 donaga yetib, 1711 taga yoki 9,1% ga oshgan. KIA avtomobillari ishlab chiqarishida ham sezilarli o‘sish kuzatilib, ko‘rsatkich 14 419 donadan 17 125 donaga ko‘tarilgan. Bu 18,8% lik o‘sish degani.
Eng yuqori o‘sish esa BYD avtomobillarida qayd etilgan. 2025-yil yanvar-iyul oylarida 8601 dona BYD ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 17 765 donaga yetgan. Natijada ishlab chiqarish 9164 taga yoki 106,5% ga oshgan, ya’ni qariyb 2,1 baravarga ko‘paygan.
Haval ishlab chiqarish ham 4425 donadan 5778 donaga oshib, 30,6% ga ko‘paygan. Chery bo‘yicha esa deyarli o‘zgarish kuzatilmagan: ishlab chiqarish 4 838 donadan 4 801 donaga tushib, 0,8 foizga kamaygan.
Shuningdek, maxsus yengil avtomobillar ishlab chiqarish 28 953 donadan 32 445 donaga yetgan. Bu 3 492 dona yoki 12,1% o‘sishni anglatadi. 2026-yilda jadvalda yangi model sifatida Chevrolet Damas Move ham paydo bo‘lgan va yanvar-iyul oylarida undan 932 dona ishlab chiqarilgan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda aholiga tegishli avtomobillar soni 5 mlnga yaqinlashgani haqida yozgandi.
Hududlar kesimida eng ko‘p avtotransport Toshkent shahri, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida ro‘yxatga olingan.