Sirdaryo viloyatida tadbirkorga foydalana olmagan yer maydoni uchun to‘lagan 772 mln so‘m mablag‘ qaytariladi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.

P.E. korxonasi E-auksion platformasi orqali Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasi hududidan 7,24 gektar yer maydonini olib, tegishli to‘lovlarni amalga oshirgan.

Biroq hukumat qarori bilan ushbu hududda sanoat kooperatsiyasi markazi obyektlarini qurish belgilangani sababli tadbirkor yerdan shartnomada nazarda tutilgan maqsadlarda foydalana olmagan.

Tadbirkorning murojaatidan so‘ng Biznes-ombudsman uning manfaatlarini himoya qilish uchun Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga da‘vo arizasi kiritgan.

Sud da‘vo talablarini to‘liq qanoatlantirib, yer ijara shartnomasini muddatidan oldin bekor qilgan.

Shuningdek, Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasi direksiyasidan tadbirkor foydasiga 772 mln so‘m undirish belgilangan.

Spot, avvalroq, Qoraqalpog‘istonda tadbirkorga qo‘llanilgan 1 mlrd so‘mlik jarima bekor qilingani haqida yozgandi.