Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yurituvchi K.T. korxonasi o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan moliyaviy jarimadan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qildi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.
Aniqlanishicha, korxona 12−15-may kunlari shartnoma asosida fuqaro J.R.ga 1 032,66 tonna sholi sotgan. Biroq mahsulot realizatsiya qilingan vaqtda elektron hisobvaraq-faktura rasmiylashtirilmagan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, elektron hisobvaraq-fakturalar axborot tizimida texnik nosozlik yuzaga kelganda hisobvaraq-faktura qog‘oz shaklida rasmiylashtiriladi. Bunda nosozlik EHF aylanish tizimi operatori tomonidan rasman tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
Nosozlik bartaraf etilgach, hisobvaraq-faktura besh kun ichida qog‘oz shaklida ko‘rsatilgan sana bilan elektron tizimga kiritilishi lozim.
Jamiyat mazkur talablarga rioya qilgan holda 26-may kuni elektron hisobvaraq-fakturani tizimga kiritib, taqdim etgan.
Shunga qaramay, nazorat qiluvchi organ 12-iyun kuni Soliq kodeksining 223-moddasi birinchi qismiga asosan korxonaga 1 mlrd so‘m miqdorida moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilgan.
Bildirilgan e‘tirozlar va shikoyat arizasini ko‘rib chiqish natijasida korxonaga qo‘llanilgan 1 mlrd so‘mlik moliyaviy jarima bekor qilindi.
Spot, avvalroq, Qashqadaryoda tadbirkorga hisoblangan 397 mln so‘mlik jarima bekor qilingani haqida yozgandi.