O‘zbekiston va Finlyandiya davlat boshqaruvi hamda sun‘iy intellekt sohasidagi ta‘lim yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi ma‘lum qildi.
Vazir Sherzod Shermatov Finlyandiyaning Davlat boshqaruvi instituti direktori Kyosti Vyakevyaynen bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida davlat xizmatlari shaffofligi va samaradorligini oshirish, O‘zbekiston davlat boshqaruvi tizimiga Finlyandiyaning ilg‘or tajribalarini joriy etish hamda ta‘lim jarayonlariga sun‘iy intellekt texnologiyalarini integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, yosh mutaxassislar salohiyatini rivojlantirish, IT sohasi xodimlarini qo‘llab-quvvatlash va o‘zbek startaplarining xalqaro bozorlarga chiqishi uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha fikr almashildi.
Tomonlar raqamli innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ham ko‘rib chiqdi.



Uchrashuv yakunida HAUS va Raqamli ta‘limni rivojlantirish markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hujjatga ko‘ra, HAUSning eOppivia ta‘lim platformasi 5 mln sun‘iy intellekt yetakchilari (aileaders.uz) platformasi bilan integratsiya qilinadi.
Natijada Finlyandiyaning ta‘lim kontentlari o‘zbek foydalanuvchilari uchun ham foydalanishga taqdim etiladi.
Million prompter loyihasi
Shavkat Mirziyoyevning 2025-yilning yanvar oyida BAAga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekistonda “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturi ishga tushirilishi ma’lum bo‘lgandi. Prezident BAA Sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot va masofaviy ishlash vaziri Omar Sulton Al-Olama bilan muzokaralar doirasida bu bo‘yicha kelishuvlarga erishgan.
Muloqotda Umar bin Sulton al-Olama O‘zbekistonda “1 mln dasturchi” loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilganini, dastur IT-sohasida xalqaro kadrlar tayyorlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
“O‘zbekiston sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda mintaqada yetakchiga aylanishni maqsad qilgan. Biz unga erishishda o‘z hissamizni qo‘shamiz degan umiddamiz. Sun’iy intellekt muhim yo‘nalishlardan biriga aylanadi. Prezident amaliy qo‘llaniladigan SIni ko‘rish istagida, uning qiymati sezilarli darajada bo‘lishi kerak”, — dedi BAA sun’iy intellekt vaziri.
10-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent investitsiya forumining yalpi majlisida O‘zbekistonda milliy “Bulutli texnologiyalar” platformasi hamda sun’iy intellekt modeli yaratilishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, 20 ta data-markaz qurilishi va “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi ishga tushirilishi qayd etildi.
30-iyun kuni prezidentning yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida esa BAA bilan hamkorlikdagi dastur ishga tushirilayotgani ma’lum qilindi. Shu yilning o‘zida “AI study” platformasi orqali kamida 100 ming yoshlar sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rganishi ko‘zda tutilmoqda.
Iyul oyida O‘zbekistonda Bir million sun’iy intellekt yetakchilari dasturi ishga tushirilgandi. Loyiha doirasida bu yil 100 ming, 2026-yil kamida 500 ming yoshlar o‘qitiladi. Loyiha bilan maktab o‘quvchilarini ham qamrab olish muhimligi ta‘kidlandi.
Noyabr oyida O‘zbekiston sunʼiy intellekt bo‘yicha 5 mln prompt-muhandisni BAA tajribasi asosida o‘qitishi aytilgandi. Keyinroq esa “5 mln sun‘iy intellekt yetakchilari” loyihasiga start berilgan edi.
Spot, avvalroq, Farg‘onadagi IT-parkda sunʼiy intellekt xabi tashkil etilishi haqida yozgandi.


