Jizzaxda hokimlik mansabdori, Farg‘onada bank markazi rahbari qo‘lga olindi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hokimligi mansabdor xodimi tadbirkorning ishonchiga kiradi.

Xodim tadbirkorga tuman melioratsiya bo‘limi balansida bo‘lgan 45 sotix yerni o‘zining yaqin aloqalari orqali olib berishni vaʼda qiladi.

Shuningdek, tadbirkorning 24 yoshli tanishini mahalliy korxonalardan biriga ishga kiritib qo‘yish evaziga $500 talab qiladi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pulni olgan vaqtida ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, hokimiyat vakili ushbu masalalarni hal qilib berish bahonasida avval ham 3,5 mln so‘m olgani aniqlandi.

Bundan tashqari xususiy banklardan birining Farg‘ona bank xizmatlari markazi rahbari tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kiradi.

Mansabdor shaxs bankning bosh ofisidagi tanishlari orqali fuqaroga 2,5 mlrd so‘m kredit ajratib berish evaziga kreditning 5% — 125 mln so‘m talab qiladi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda bank mansabdori so‘ralgan pul hisobidan $10 ming olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Spot, avvalroq, Toshkentda soliq xodimi tadbirkordan 4 mln so‘m olayotganda ushlangani haqida yozgandi.