Toshkentdagi soliq inspeksiyalardan birida korrupsiya holati aniqlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Bektemir tumani soliq inspeksiyasining sho‘ba boshlig‘i mahalliy tadbirkorga tegishli do‘konda xaridorga savdo cheki berilmaganligi holati bo‘yicha ariza kelib tushganligidan xabardor bo‘ladi.

U mazkur murojaat bo‘yicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirmaslik va sudga taqdim etmaslik evaziga 4 mln so‘m talab qilgan.

Soliqchi mazkur pulni inspeksiya inspektori orqali olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruvda aprel oyida inspektor aynan shu do‘konda boshqa bir mijozga savdo cheki berilmaganligi holati bo‘yicha kelib tushgan murojaatni ko‘rmasdan qoldirish evaziga 1,5 mln so‘m olganligi aniqlandi.

Hozirda ushbu soliq xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mart oyida Bo‘kada soliqchi 10 mln so‘m olayotganda ushlangandi. U fermer xo‘jalikning soliqdan mavjud qarzdorligini to‘lash muddatini uzaytirib berishni vaʼda qilgan edi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonning 35 ta shahar va tumanida soliq inspeksiyalari rahbarlari almashgani haqida yozgandi.