O‘zbekiston Hindiston bilan Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish jarayoni doirasida bozorga kirish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi bayonnomani imzoladi. Bu haqda prezidentning JST masalalari bo‘yicha vakili Azizbek Urunov maʼlum qildi.

Taʼkidlanishicha, Hindiston tomoni bilan bu borada kelishuvlarga 2024-yilda erishilgan.

“Hindiston tomoni bilan texnik tekshiruv jarayonlarini muvofiqlashtirish va Bayonnoma matnini kelishib olish muayyan saʼy-harakatlarni talab qildi. Shu bilan birga, bozorga kirish masalalarining mazmunan muhokamasida Hindiston juda konstruktiv yondashuvni namoyon etdi”, — deb yozdi u.

Urunov O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlagani uchun Hindistonga minnatdorlik bildirdi.

Prezident vakili O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev va Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Smita Pantning hissasini alohida qayd etdi.

JST masalalari bo‘yicha vakilning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni Bayonnomaning asl nusxalaridan birini konsolidatsiya qilish uchun zudlik bilan tashkilot kotibiyatiga taqdim etadi.

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi

Sentabr oyida O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha uchta davlat — Argentina, Avstraliya va Gonduras bilan protokollarni imzoladi. Azizbek Urunov JSTning yana ikki a’zosi bilan prinsipial kelishuvlarga erishilganini qayd etgandi.

Oktabr oyi oxirida Yevropa Ittifoqi bilan ham muzokaralar to‘liq yakunlandi. Prezidentning JST bo‘yicha vakili Yevropa Ittifoqi oktabr oyi o‘rtalarida shartnoma imzolangan Panamadan keyin O‘zbekiston bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan JSTning 31-a'zosi bo‘lganini ta’kidladi.

Noyabr oyi boshida O‘zbekiston Kanada, Panama va Ekvador bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Dekabrda esa O‘zbekiston Rossiya bilan ham muzokaralarni yakunlagandi.

Urunov O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlayotganiga qaramay, jarayon cho‘zilib ketayotganini qayd etdi. U a’zo bo‘lish jarayonini kechiktirmaslikka chaqirib, barcha masalalarni muhokama qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.


Spot, avvalroq, Azizbek Urunov Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasiga rais bo‘lgani haqida yozgandi.