17-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev aholini, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish, shuningdek, sohadagi qonunchilik bazasini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda ruhiy holatida buzilishlari mavjud nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish masalasi ko‘rib chiqildi. Maqsad ularning jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, oila muhitiga yaqin sharoitda kompleks xizmatlar ko‘rsatish hamda parvarish bilan band bo‘lgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
2026-yil 1-iyunga qadar 0−3 yoshda rivojlanishida nuqsonlar aniqlangan bolalar uchun ilk bor “Erta aralashuv” xizmati bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu orqali maxsus pedagoglar va davolovchi jismoniy tarbiya yo‘riqchilari ishtirokida bolalarga korreksion-pedagogik yordam, nutq va jismoniy rivojlantirish mashg‘ulotlari ko‘rsatiladi.
Xizmat nodavlat tashkilotlar tomonidan maxsus elektron reyestr asosida yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, anatomik nuqsonlar bilan tug‘ilgan bolalarning qo‘shimcha tibbiy tekshiruv va jarrohlik xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
Ruhiy holatida buzilishlari mavjud I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham 2026-yil davomida bosqichma-bosqich yangi ijtimoiy xizmatlar joriy etiladi. “Yangi kun” kunduzgi, uy sharoitida qarab turish, kichik hajmli “Madad” uyi xizmati va “Ijtimoiy ta’til” qisqa muddatli joylashtirish xizmatlarii yo‘lga qo‘yiladi.
Bu xizmatlar qarab turish va parvarish qilish, kundalik hayot ko‘nikmalarini shakllantirish, maishiy ishlarga o‘rgatish, kasb va moliyaviy hisob-kitob ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratiladi.
Mazkur yangi xizmatlar davlat-xususiy sheriklik asosida malakaga ega bo‘lgan va zarur talablarga javob beradigan nodavlat tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladi.
Bu orqali 2026-yilda 8300 nafar ruhiy holatida buzilishlari mavjud shaxsni yangi xizmatlar bilan qamrab olish, 600 tagacha nodavlat tashkilot va yakka tartibdagi tadbirkorlarni ijtimoiy xizmat ko‘rsatishga jalb etish rejalashtirilgan. Yangi xizmatlardan foydalanish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi hisobidan subsidiya beriladi.
Shu bilan birga, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab 18 yoshdan katta chuqur darajadagi aqliy zaiflik tashxisi qo‘yilgan shaxslarning parvarishi bilan band bo‘lgan qonuniy vakillar uchun har oylik yangi parvarishlash nafaqasi joriy etiladi.
Avvalroq Spot nogironlik pensiyalarini proaktiv shaklda tayinlashga qaratilgan qonun Senatga yuborilgani haqida yozgan edi.