Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida nogironlik pensiyalarini proaktiv shaklda tayinlashga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Majlisda birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan qonun loyihasi bilan fuqarolarga nogironlik belgilanganda, ulardan murojaatni talab etmagan holda (proaktiv shaklda) pensiya tayinlash tartibi belgilanmoqda. Bunda jarayon raqamli tizim orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lgan pensionerning pensiyasini har ikki yilda bir marotaba qayta hisoblash ham hech qanday murojaatsiz amalga oshiriladi.
“Bu yengillik pensionerga, ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklanganlarga masofadan turib xizmat ko‘rsatish qulayligini yaratadi”, — deyiladi xabarda.
Loyiha bilan har oylik chegirmalar miqdori pensiyaning 50% idan oshishi va chegirma qilingandan so‘ng to‘lanadigan pensiya miqdori rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda.
Pensiyani avtomatik tarzda tayinlash
2025-yil may oyida prezident “Fuqarolarning davlat pensiya ta‘minoti to‘g‘risida"gi qonunga pensiyalarni proaktiv shaklda (Pensiya jamg‘armasi yoki davlat xizmatlari markaziga murojaat qilmasdan) tayinlashga o‘tishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni tasdiqladi. Erkaklar 60 yoshdan, ayollar 55 yoshdan keyin avtomatik ravishda to‘lov oladi.
Fuqaroning yoshga doir pensiya olish huquqi belgilangan axborot tizimlaridan olingan ma‘lumotlar asosida aniqlanadi. Proaktiv shaklda pensiya tayinlash fuqaro pensiya yoshiga yetgan kuni ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, fuqarolarga I yoki II guruh nogironligi belgilanganda pensiyalarni alohida murojaat talab etmasdan proaktiv shaklda tayinlash tartibi ham belgilangan. Ko‘rish qobiliyati bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lganlar, yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni o‘taganlarga ham kompensatsiyalar shu tartibda beriladi.
Nogironlik pensiyasi tayinlangandan so‘ng kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lganda fuqaroning pensiya miqdori har ikki yilda proaktiv shaklda qayta hisoblanadi.
Oktabr oyidan boshlab naqd pul shaklidagi pensiyalar biometrik identifikatsiya (Face-ID) va elektron imzo olish orqali berila boshlandi. Pensiya jamg‘armasi yangi tizim pensiyalarni to‘liq va o‘z vaqtida yetkazib berishni ta‘minlashini ma‘lum qildi.
Yanvar oyida Yagona portalda pensiya to‘lovini naqd pul shakliga o‘tkazish xizmati ishga tushirildi. Xizmat avtomatik tarzda va bepul ko‘rsatiladi, undan foydalanish uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi.
Joriy yilgi davlat dasturi bilan yil oxirigacha pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqiladi. Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish, ayrim davlat xizmatlarini proaktiv ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Spot Senat to‘lov tizimlarida antifrod tizimini joriy etishga qaratilgan qonunni ma’qullagani haqida yozgan edi.