O‘zbekistonda eski avtomobillarni utilizatsiya qilishning yangi tartibi joriy etilishi mumkin. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi bu bo‘yicha prezident qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Hujjat ekspluatatsiya muddati o‘tgan avtomashinalarning utilizatsiyasini tashkil etish va ularning komponentlarini qayta ishlash tartibini belgilaydi. Maqsad atmosfera havosini muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va transport vositalaridan chiqayotgan zararli moddalarning hajmini kamaytirishga qaratilgan.

Loyihaga ko‘ra, tizim uch bosqichda joriy etiladi:

  • 2026-yildan boshlab — M1 toifali transport vositalar (yengil avtombillar);
  • 2027-yildan — M2, M3, N1, N2, N3 toifali transport vositalar (mikroavtobuslar, avtobuslar va yuk avtomobillari);
  • 2030-yildan — barcha turdagi g‘ildirakli transport vositalari uchun.

2027-yil 1-yanvardan ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq bo‘lgan avtomobillar egalari har yili BHMning 30 baravari (12,36 mln so‘m) miqdorida ekologik kompensatsiya to‘lashi belgilanmoqda.

Shuningdek, “zararli” toifaga ega avtomobillardan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanadi hamda ular davlat ro‘yxatidan chiqariladi. Mazkur talab “antikvar” avtomototransport vositalariga tatbiq etilmaydi.

Eskirgan avtomobillarni qabul qilish, baholash va utilizatsiya qilish jarayonlari yagona elektron platforma orqali amalga oshiriladi. Avtomobil egasi avval transport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazib, baholash uchun onlayn ariza beradi. Baholash natijalari bo‘yicha guvohnoma shakllantirilib, rasmiy ravishda platformaga joylashtiriladi.

Avtomobil egalariga utilizatsiya evaziga pul mablag‘lari, yangi avtomobil xarid qilish uchun elektron vaucherlar yoki boshqa turdagi kompensatsiyalar berilishi mumkin.

Elektron vaucherlardan foydalangan holda yangi avtomobillarni chegirma asosida yoki bir yildan ortiq muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilish imkoniyati yaratiladi.

Ishlab chiqarilganiga 10 yilgacha bo‘lgan avtomobillarni eksport qilish yoki texnik va yo‘l harakati xavfsizligi talablariga javob bersa, qayta tiklab ikkilamchi bozorda sotishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, qaror loyihasida avtomobillarni qayta ishlash, chiqindilardan ikkilamchi mahsulot ishlab chiqarish va “nol chiqindi” tamoyilini joriy etishga qaratilgan loyihalarni moliyaviy rag‘batlantirish ham nazarda tutilgan.

Buning uchun utilizatsiya yig‘imlari hisobidan operatorlar va qayta ishlovchi korxonalarga “yashil subsidiyalar” ajratiladi.

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda joriy yil 1-avgustgacha “Tovar va qadoqlash buyumlari chiqindilarini onlayn monitoring qilish” platformasini ishga tushirishi kerak bo‘ladi.

Platforma qattiq maishiy chiqindilar uchun majburiy to‘lovlarni hisobga olish tizimiga qo‘shimcha modul sifatida joriy etilib, Elektron hukumat tizimi orqali Yagona portal, Soliq va Bojxona qo‘mitalarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi.

Qaror loyihasi bo‘yicha muhokamalar 28-iyungacha davom etadi.

Joriy yilning 1-fevralidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan transportlardan foydalanish, ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlanib, ular davlat ro‘yxatidan chiqarildi.

2026-yilgi davlat dasturi bilan ekspluatatsiya muddati o‘tgan avtomashinalarni qabul qilish tizimini joriy etib, eskirgan va atmosferaga zararlovchi 3 mingta avtomashinani qabul qilib olish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq Spot qo‘pol qoidabuzarliklar uchun avtomobillarni musodara qilish va jarimalarga chegirmalarni bekor qilish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.