Taqiq yoki xatlov qo‘yilgan turar joyga endilikda garovga oluvchining roziligisiz Yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Bu haqda portal Telegram kanalida xabar berildi.
Qayd etilishicha, yangi tartib prezidentning 2026-yil 15-iyuldagi PQ-265-son qaroriga muvofiq joriy etildi.
Unga ko‘ra, fuqarolar bunday uy-joyga yashash joyi bo‘yicha doimiy yoki turgan joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatdan my.gov.uz portali orqali o‘tishi mumkin.
Buning uchun pasport stoliga borish yoki navbat kutish talab etilmaydi. Barcha jarayonlar onlayn tarzda amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, mulkdor, garovga oluvchi yoki taqiqni qo‘yish va bekor qilishga mas‘ul organning ichki ishlar organlariga murojaati asosida fuqaroning ro‘yxatdan o‘tkazilgani bekor qilinishi mumkin.
Iyul oyi o‘rtasida taqiq yoki xatlov qo‘yilgan turar joyda garovga oluvchining roziligisiz yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berilishi belgilangandi.
Joriy yilning fevral oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan (PF-29-son) ipoteka krediti asosida sotib olingan uyga fuqarolarni uy egasi arizasi va garovga oluvchining (bank) roziligi bilan yashash joyi va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berilishi belgilangan edi.
May oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘limi boshlig‘i Javohirbek Amonov mazkur tartib allaqachon amaliyotga joriy etilgani va farmon kuchga kirgan kundan boshlab qo‘llanilayotganini ma’lum qildi.
Spot, avvalroq, Yagona portalda virtual to‘lov kartalarini ochish imkoniyati yaratilishi haqida yozgandi.