Avvalroq Spot Qonunchilik palatasi ko‘p kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgani haqida yozgan edi.

Urbanizatsiya va uy-joy bozori milliy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Nozimbek Rustambekov o‘z ma’ruzasida hozirgi vaqtda qurilish bosqichidagi uy-joyni sotib olish fuqarolar uchun katta moliyaviy xavflarni yuzaga keltirayotganini qayd etdi. Shu bois davlat tomonidan ulushdorlarning mablag‘larini himoya qiluvchi aniq qoidalarni joriy etish va quruvchilarning majburiyatlarini belgilash zarur.

Loyihaning asosiy yangiliklaridan biri eskrou hisobvaraqlari tizimini joriy etishdir. Unga ko‘ra, ulushdorlar tomonidan kiritilgan mablag‘lar qurilish yakunlanmaguncha bankdagi maxsus hisobvaraqda saqlanadi. Bu mablag‘lardan maqsadsiz foydalanish, qurilishning kechikishi hamda muammoli loyihalar paydo bo‘lishi xavfini kamaytirishi kutilmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasi fuqarolar, quruvchilar, banklar va davlat organlari o‘rtasidagi munosabatlarning shaffof tizimi yaratiladi. Fuqarolar shartnoma imzolashdan oldin quruvchi kompaniya, uning moliyaviy holati, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi hamda qurilish jarayoni haqidagi ma’lumotlarni tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

“Qonun loyihasining maqsadi biznes uchun qo‘shimcha ma’muriy to‘siqlar yaratish emas, aksincha, yagona va aniq qoidalar asosida fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratish, qurilishning investitsiya jozibadorligini oshirish va bank moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishdir”, — dedi Rustambekov.

Qonun loyihasida “bir loyiha — bir tashkilot” tamoyili ham nazarda tutilgan. U orqali bir loyiha uchun jalb qilingan mablag‘larni boshqa obyektlarga yo‘naltirish cheklanadi. Shuningdek, moliyaviy imkoniyati va zarur hujjatlari bo‘lmagan quruvchilarning aholi mablag‘larini jalb etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari, ulushdorlik shartnomalarini notarial tasdiqlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talabi joriy etiladi. Bu bir xonadonning bir nechta xaridorga sotilishining oldini oladi. Nozimbek Rustambekovning so‘zlariga ko‘ra, qonun qabul qilinishi natijasida fuqarolarning uy-joy sotib olish jarayonidagi huquqlari va mol-mulki ishonchliroq himoya qilinadi, tugallanmay qolayotgan loyihalar soni kamayadi, qurilish sifati va sohaga bo‘lgan ishonch oshadi.

Qayd etilishicha, qonun loyihasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari, tijorat banklari, qurilish kompaniyalari hamda xorijiy ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan.

Jinoiy javobgarlikning belgilanishi

Muhokamada deputat Zuhriddin Mavlonov Jinoyat kodeksining 188-prim 2-moddasiga kiritilayotgan norma bo‘yicha aniqlik so‘radi. Unga ko‘ra, birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs jinoyat aniqlangan kundan boshlab 30 kun ichida yetkazilgan zararni ikki karra qoplasa, javobgarlikdan ozod etiladi. Deputat zarar ikki baravar qoplanganda ushbu mablag‘ to‘liq jabrlanuvchiga beriladimi yoki uning bir qismi davlat hisobida qoladimi, degan savolni o‘rtaga tashladi.

Adliya vazirligi Iqtisodiy qonunchilik boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Mirzayevning javob berishicha, bu norma qonunda belgilangan tartibni buzib, ulushli ishtirok etish shartnomasini tuzmasdan yoki uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan fuqarolardan mablag‘ jalb qilgan shaxslarga nisbatan qo‘llanadi.

Unga ko‘ra, noqonuniy jalb qilingan mablag‘ fuqaroga ikki barobar miqdorda qaytarilgan taqdirda jinoiy javobgarlikdan ozod qilish masalasi ko‘riladi.

deputatlar, eskrou, qurilish, ulushli qurilish

Deputat Saydullo Azimov esa mazkur moddada zarar kelib chiqishining aniq sharti belgilanmaganini ta’kidladi. U mablag‘larni qonunda belgilanmagan usulda jalb qilgan va shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazmasdan qurilish qilib, uni vaqtida topshirganlar uchun javobgarlik qanday bo‘lishini savol ostiga oldi. Shuningdek, qonunda “ko‘p miqdorda” deganda nima nazarda tutilgani va javobgarlik aynan qaysi oqibat yuzaga kelganda kelib chiqishi aniqlashtirilishi kerakligi bildirildi.

Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov ham deputatlarning e’tirozlarini qo‘llab-quvvatlab, Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan ayrim normalarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Uning fikricha, mablag‘lar qonunda belgilangan tartibni buzgan holda jalb qilingan taqdirda ham amalda zarar yuzaga kelmagan bo‘lishi mumkin.

“Xuddi shuningdek, „ulushli ishtirok etish shartnomasini ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat reyestri ro‘yxatidan o‘tkazmaslik“ — ikkinchi qismda retsidivist tomonidan ham qilish mumkinmi? Nima aloqasi bor buni? Bir guruh shaxslar tomonidan ham qilish mumkinmi? Ro‘yxatdan o‘tkazmaslik ikki tomonlama ish-ku. „Juda ko‘p miqdorda“ deyilyapti, tepada zarar yo‘q. Yana oxiriga qo‘shyapsizlar — „birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatda yetkazilgan…“, qaysi jinoyat sodir etgan shaxs? Alohida qism ketyapti, „ikki karra miqdorda qoplagan bo‘lsa“, nima uchun ikki karra, uch yo bir karra emas?”, — dedi spiker.

Ismoilov bu masalalarni ikkinchi o‘qishgacha yuristlar va mutaxassislar ishtirokida chuqur tahlil qilish zarurligini ta’kidlab, Jinoyat kodeksiga yangi normalarni kiritishda uning huquqiy tabiatiga alohida e’tibor qaratish kerakligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunning asosiy maqsadi fuqarolarni aldanishdan himoya qilish va ularga yetkazilgan zararni qoplashni ta’minlashdan iborat bo‘lishi lozim. “Nima to‘g‘ri kelsa, kiritib yuborishyapti. Qayerda bir narsa bo‘lsa, qonun aybdor, jazo yengil. Bor jazoni ishlatib, uni samarali foydalanish yo‘q”, — dedi u.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda eskrou tizimi joriy etilishi uy-joy narxlariga ta’sir qilishi mumkinligi haqida yozgandi.