Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish, shuningdek, yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligini taʼminlash borasidagi taqdimot bilan tanishgani haqida yozgan edi.
IIV YHXX boshlig‘i Sherzod Ibragimov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida Yo‘llarda yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida idoralararo ishchi guruh tomonidan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilib, davlat rahbariga taqdim etilganini ta’kidladi.
“Bugungi kunda fuqarolar tomonidan voyaga yetmagan bolalarga transportni boshqarishga berish holatlari yo‘llarda o‘lim yoki jarohat olish holatlarining ko‘payishiga sabab bo‘lib qolmoqda. Yo‘llarda, ayniqsa aholi punktlarida poygalar tashkil etilib, harakat xavfsizligiga jiddiy xavf solmoqda”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘pol qoidabuzarliklarni qayta-qayta sodir etganlarga ham jarimalarni chegirma bilan to‘lash imkoniyatining berilishi bunday qoidabuzarliklar davomiy bo‘lishiga sharoit yaratmoqda. Shu bois, besh turdagi qo‘pol qoidabuzarliklar uchun ma’muriy jazo turlariga avtotransport vositasini vaqtincha olib qo‘yish jazo chorasini kiritish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, voyaga yetmagan shaxslarga transport boshqarishga topshirish, noqonuniy poyga tashkil etish va bevosita qatnashish yoki yuk transport vositalarini tungi vaqtda yo‘l chetiga tashlab ketish bo‘yicha alohida ma’muriy javobgarlik choralari joriy etiladi.
Transportni boshqarish huquqi bo‘lmagan yoki mahrum etilgan shaxs sodir etgan yo‘l bezoriligi uchun qo‘shimcha ravishda transport vositasini musodara qilish yoki transportni vaqtincha olib qo‘yish hamda avtomobilni mastlik holatida boshqarganligi uchun 15 sutkagacha qamoq jazosini qo‘llash rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Ibragimov qo‘pol qoidabuzarliklar sodir etilganda, jarimalarni chegirma bilan to‘lash tartibi bir yil davomida qo‘llanilmasligi yuzasidan asoslantirilgan takliflar kiritilganini qayd etdi.
“Eng asosiysi, takliflarda voyaga yetmagan shaxsga transportni boshqarishga topshirish badanga shikast yetkazishga, odam o‘limiga, halokatga yoki boshqa og‘ir oqibatga olib kelganligi uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik kiritilishi nazarda tutilmoqda”, — deya xulosa qildi u.
Avvalroq Spot Toshkentda tartibsiz “parkovka"ga qarshi kurash evakuator va jarima maydonchalari orqali kuchaytirilishi haqida yozgan edi.