Qirg‘iziston va Tojikiston aholisi Apple Pay to‘lov xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Qirg‘izistonda servisning ishga tushirilgani haqida Milliy bank e‘lon qildi, Tojikistonda esa undan Alif va Humo bank mijozlari foydalanishi mumkin bo‘ldi.

Qirg‘iziston Milliy bankining ma‘lum qilishicha, Apple Pay bank karta egalariga Apple qurilmalari yordamida tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish, shuningdek, mobil ilovalar va internet orqali xaridlar qilish imkonini beradi. Xizmat mamlakat ichida ham, xorijda ham ishlaydi. To‘lovlar xavfsizligi tokenizatsiya texnologiyasi orqali ta‘minlanadi: bunda karta rekvizitlari noyob raqamli identifikatorga almashtiriladi, operatsiyalarni tasdiqlash esa Face ID yoki Touch ID orqali amalga oshiriladi.

Regulyatorning ta‘kidlashicha, Apple Pay‘ning ishga tushirilishi zamonaviy to‘lov infratuzilmasini rivojlantirish, xalqaro moliyaviy texnologiyalarni joriy etish va mamlakatni global raqamli to‘lov ekotizimiga integratsiya qilish bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasidir. Milliy bankning baholashicha, servis naqd pulsiz hisob-kitoblar, elektron tijorat va raqamli xizmatlar imkoniyatlarini kengaytiradi, shuningdek, foydalanuvchilar va biznesga xizmat ko‘rsatish sifatini oshiradi.

Tojikistonda Apple Pay‘ning ishga tushgani haqida Alif va Humo bank xabar berdi. Har ikki bank mijozlari ham o‘z kartalarini Wallet ilovasiga qo‘shib, plastik kartadan foydalanmagan holda iPhone, Apple Watch, iPad yoki Mac orqali xaridlar uchun to‘lov qilishlari mumkin.

Bundan tashqari, 28-iyul kuni Tojikiston prezidenti huzuridagi Innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar agentligi Apple vakili bilan uchrashuv o‘tkazilganini ma‘lum qildi. Tomonlar raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirish, innovatsion yechimlarni joriy etish, sun‘iy intellektni rivojlantirish, xalqaro tajriba almashish, mutaxassislarni tayyorlash va raqamlashtirish sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar. Uchrashuv yakunida ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik tasdiqlandi.

O‘zbekistonda-chi?

O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay hozircha ishga tushirilish arafasida. Avvalroq Markaziy bank Spot‘ga hozirda har ikki xizmatni joriy etish bo‘yicha texnik ishlar olib borilayotganini ma‘lum qilgandi. Vaziyat bilan tanish manbaning aniqlik kiritishicha, sentyabr oyida ularning operatorlari bilan muhokama va muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan, biroq bu muddatlarda servislar ishga tushishi kutilmayapti.

Prezident tomonidan 26-mart kuni imzolangan “Shaxsga doir ma‘lumotlar to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar xalqaro to‘lov xizmatlarining paydo bo‘lishi uchun huquqiy asos yaratdi. Ular aksariyat shaxsiy ma‘lumotlarni O‘zbekiston hududidagi serverlarda majburiy saqlash tartibini bekor qilib, bu talabni faqat biometrik va genetik ma‘lumotlar, shuningdek, aloqa operatorlari abonentlarining ma‘lumotlari uchungina saqlab qoldi.

Shu bilan birga, xizmatlarni to‘laqonli ishga tushirish uchun bir qator qonunosti hujjatlarini qabul qilish zarur, Apple Pay va Google Pay‘ning O‘zbekiston bozoriga kirishi to‘g‘risidagi yakuniy qarorni esa kompaniyalarning o‘zi qabul qiladi. Ayni paytda mamlakatda NFC yordamida kontaktsiz to‘lovlarni qabul qilish uchun texnik infratuzilma tayyor.


Spot, avvalroq, Apple 28-iyuldan qurilmalarni ijaraga berish dasturini ishga tushirishi haqida yozgandi.