Fuqarolar endilikda Yagona portal orqali bitta ariza yuborish orqali uchta hujjatni apostil qo‘yilgan holda olishi mumkin. Bu haqda portal Telegram-kanalida xabar qilindi.
Adliya vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi hamkorligida yo‘lga qo‘yilgan yangi xizmat orqali sudlanmaganlik, ruhiy va narkologiya dispanserlarida ro‘yxatda turmaslik haqidagi ma‘lumotnomalarni bir vaqtning o‘zida rasmiylashtirish mumkin.
Xizmat Bir ariza — bir natija (1−0−1) tamoyili asosida ishlaydi. Fuqarodan faqat bitta elektron ariza talab etiladi, qolgan jarayonlar esa davlat organlari o‘rtasidagi elektron axborot almashinuvi orqali avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
Avval fuqarolar har bir ma‘lumotnomani alohida olib, ularni tasdiqlatishi va apostil qo‘yish uchun yana alohida murojaat qilishi kerak edi.
Endilikda esa barcha bosqichlar bitta ariza orqali bajariladi, bu esa vaqtni tejash va ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytirishga xizmat qiladi.
Spot, avvalroq, taqiq yoki xatlov qo‘yilgan uyga onlayn ro‘yxatdan o‘tish mumkin bo‘lgani haqida yozgandi.